Qoʻlingizdagi kitobda mening hali unchalik uzun boʻlma- gan hayot yoʻlim aks etgan. Bu badiiy asar yoki monografiya emas. Ushbu kitobni oʻqigan yoshlarimiz oʻzlariga ozgina boʻlsa-da, motivatsiya olsalar, faqat xursand boʻlaman. Xato, kamchiliklarga duch kelsangiz, aybga buyurmaysiz. Kitob ustida ishlash jarayonida turli fikrlar boʻldi. Xavotir, shubhalar ham tugʻildi. Biroq shaxsiy fikrimcha, agar koʻngil toza, maqsad xolis boʻlsa, Allohning Oʻzi asraydi. Bunday kitoblar bizning yurtda ham shov-shuvli yangilik emas, odatiy hol sifatida, koʻp boʻlishi kerak. «Kitob oʻqi!», deb targʻib qilsag-u, lekin yangi(cha) kitoblarni chop etishga qoʻrqib oʻtirsak, oʻtiraveramiz. Hayotim davomida koʻp holatda Allohga tavakkal qilib, shu bugungi darajaga yetib keldim. Bu safar ham xuddi shunday qilaman. Nima boʻlsa – peshonadan. Pandemiya davrida, uyda bekor oʻtirganda, shu kitobni yo- zishni Alloh koʻnglimga soldi. Yaxshilikka boʻlsin ilohim.
Приведённый ознакомительный фрагмент книги Allamjonov aybdor предоставлен нашим книжным партнёром — компанией ЛитРес.
Купить и скачать полную версию книги в форматах FB2, ePub, MOBI, TXT, HTML, RTF и других
Soʻzboshi
Bu kitob nega kerak?
Kitob yozishdan maqsad uchta boʻlishi mumkin. Bundan ikkisi menga taalluqli emas.
Birinchisi — pul ishlash. Menda bunday zarurat yoʻq.
Ikkinchisi — qanchalik zoʻr ekanimni butun dunyoga namoyish etish. Lekin oʻzimizda ham, chet elda ham koʻpchilik meni taniydi, borimcha biladi. Shunday ekan, hech kimni alday olmayman.
Va nihoyat, uchinchi sabab — oʻzim istagan insonlarga — oʻn beshdan oʻttiz yoshgacha boʻlgan, atrof-olamga qarab turib: «Bu yogʻiga nima qilsam ekan? Kun sayin oʻzgarib borayotgan jamiyatda qanday yashab ketaman? Orqamda turib beradigan, qoʻllaydigan odamim boʻlmasa ham yuzaga chiqa olarmikinman, kimga kerakman oʻzi? Orzularim ushalarmikin?» deb oʻylanayotgan yoshlarga muhim fikrlarni yetkazish.
Sizga oʻzim haqimda, qanday qilib oyoqqa turganim, hozirgi darajaga yetishimga nimalar turtki boʻlgani haqida gapirib bermoqchiman. Hech narsani nazardan qochirmaslikka harakat qilaman.
Bu kitobni yozishga kirishguncha oʻzimni juda omadli deb hisoblardim. Butun umr omad kulib boqqandek tuyulardi. Mana hozir ham, shinamgina uyimda, oilam davrasida oʻtirib yozyapman. Muvaffaqiyatli biznesim, qiziqarli loyihalarim bor. Peshonaning yarqiragani shu emasmi?!
Lekin boshimdan oʻtgan voqealarni birma-bir eslab, omadim chopgan paytdan koʻra ishim yurishmagan vaqtlar koʻproq boʻlganini tushundim. Bitta muvaffaqiyatga erishish uchun shunchalik koʻp muammoga duch kelgan ekanmanki, buni yuz foiz omad deb ham boʻlmaydi.
Bilasizmi, onam — doya-hamshira. Doyalarga alohida imtiyozlar berilmagan. Bittagina kafolatlangan qulaylik — farzandlarini oʻzi ishlaydigan tugʻruqxonada, ishonchli shifokorlar qoʻlida, hamkasb doʻstlari orasida dunyoga keltirish. Xullas, men tugʻiladigan paytim shuyam oʻxshamagan, onamning ishxonasi sanitariya-dezinfeksiya ishlariga — «moyka»ga yopilib qolgan.
I
Vazir keldi
Goʻdakligimda kattalarning oyogʻi ostida oʻralashib, injiqlik yoki shoʻxlik qilsam, buvim doim: «Uni tinch qoʻyinglar, urishmanglar. Bu bolam ministr boʻladi», — derdilar.
U vazir boʻladi.
Nega unday deganlarini bilmayman. Buvimning fikricha, oilamizda mendan boshqa hech kim ministr boʻlolmasdi. Avtoslesar bilan hamshiraning oʻgʻli bir kun kelib obroʻ-eʼtiborli, katta odam boʻlishini xayolga ham keltirish qiyin edi.
Oyimni savolga tutaman. Ular ham buvim nega bunday deganlarini bilmaydilar.
Mana endi, oradan oʻttiz yildan koʻproq vaqt oʻtib, OʻzMAA1 binosining xolida turibman. Ministr boʻlib. Oʻzbekiston Мatbuot va axborot agentligining direktori maqomiga koʻra vazir hisoblanadi. Kattagina binoning birinchi qavati. Devor, shiftlari toʻkilay deydi, pollari chirib yotibdi, hamma yoq vayrona, chiqindi. Hatto vazirning, yaʼni mening xonamdan kanalizatsiyaning badboʻy hidi anqiydi. Stalin davridan qolgan bu eski imorat oxirgi marta qachon taʼmirlanganini birov eslolmaydi.
Binodagi besh yuzdan ortiq xonaning deyarli hammasini ijarachilar egallab olgan. Xotin-qizlar qoʻmitasi, qaysidir partiyalar, qandaydir nashriyotlar, tadbirkorlar va yana kimlardir. Ichki hovlida mashinalar tiqilib ketgan. Hech kim menga ahamiyat bermaydi, odamlarning unisi u yoqqa, bunisi bu yoqqa oʻtib yuribdi. Ikkinchi qavatning chap qanotidagi kaftdek joy — mana shu OʻzMAA.
Meni jamoaga tanishtirish uchun Bosh vazir oʻrinbosari, Moliya vaziri Jamshid Qoʻchqorov keldi. Tanishtirdi-yu joʻnab ketdi. Majlislar zaliga tipografiyalarning yoshi oʻtib qolgan direktorlari, boshqarma boshliqlari yigʻilgan. Har biri bu tizimda salkam yarim asr — Sovet Ittifoqi davridan beri ishlab keladi. Oʻsha lahzada menga boʻlgan munosabatni aniq his qildim: goʻyo xonaga yosh bola adashib kirib qolgan-u, buvisi mehr bilan: «Bolamni urishmanglar, u vazir boʻladi», deyayotgandek. Xonadagilar menga parvo qilmay, oʻzaro gaplashib oʻtirishibdi. Eshikdan kirib kelgan yoshgina koʻzoynakli yigitchaga eʼtibor qaratgandan koʻra, yonidagi obroʻli hamkasbining suhbati muhimroq ular uchun.
Maosh tarqatish vaqti kelib qolgan, OʻzMAA hisob raqamida esa 18 million soʻm pul bor edi. Bosh buxgalterni chaqirtirdim. Nima qilamiz? Pul qani? Qanday ishlardinglar oʻzi?
— Xavotir olmang, Komil Ismoilovich, tipografiyalar bizga oborotidan 2% oʻtkazsa, maoshni yopamiz.
Bu haqda toʻliqroq maʼlumot berishni soʻrab, oʻzim uchun qiziq narsalarni bilib oldim. Toʻgʻri, tizimdagi hamma tashkilotlar OʻzMAAga boʻysunadi. Yaʼni mantiqan olganda, ular bosh idoraga gap-soʻzsiz mablagʻ oʻtkazishi shart. Ammo hech qachon bunday boʻlmagan. Bosh hisobchi har oy xodimlarga maosh toʻlash vaqti kelganda: «Iltimos, bizga mablagʻ oʻtkazib bering», — deb yalinishga tushadi. Va har gal: «Imkon tugʻilsa, beramiz. Boʻlganda olasizlar», — degan kibrli javobni eshitadi.
— Komil Ismoilovich, ularni koʻndiraman, shu paytgacha amallab kelganmiz, — dedi hisobchi meni «yupatib».
Demak, beshta nashriyot: «Oʻzbekiston», «Oʻqituvchi», «Gʻafur Gʻulom», «Choʻlpon» va «Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi» oldin oʻzini taroziga soladi. Oxiri rahbariyatning iltimosini bajargan boʻlib, pul oʻtkazadi, xuddi ehson qilgandek.
— Unaqasi ketmaydi, — dedim.
— Iya, Komil Ismoilovich, sohaning kitlari-ku ular! Qoʻying, aralashmang, oʻzim hal qilaman.
Bosh hisobchi yillar davomida quyi tashkilotlardan tilanib pul undirishni oddiy hol deb kelgan. U oʻzicha meni bu yoqimsiz jarayondan asramoqchi boʻldi.
Men OʻzMAAga boʻysunadigan barcha tashkilotlar rahbarlarini katta umumiy majlisga chaqirtirdim. Navoiy nomidagi Milliy kutubxona direktori oʻsha zahoti ishi koʻpligi, kelishga vaqti yoʻqligini aytdi. «Qarshi boʻlmasangiz, keyin oʻzingizga alohida uchrarman, maylimi, Komiljon?»
Men belgilangan vaqtda keldim. Vazir kursisiga oʻtirdim. Odamlar xonaga kirib chiqib, u yoqdan bu yoqqa yurishibdi. Meni bir tiyinga olishmayapti, xuddi bu yerda umuman yoʻqdekman. Indamay, sabr qilib turdim. Oxiri chidolmadim:
— Marhamat qilib oʻtirib olinglar. Boshlaymiz. Bir-birimizni ozgina hurmat qilaylik.
Hamma joylashib oldi. Menga yov qarash qilib oʻtirishibdi, suhbatning beliga tepdim-da! Eng gigant nashriyot — «Oʻzbekiston»ning direktorini turgʻizdim.
— Qani, gapirib bering-chi, ishlar qanday ketyapti?
— Agar men gap boshlasam, bu yerda ertalabgacha oʻtiramiz, — javob berdi u mensimaygina.
— Kerak boʻlsa, oʻtiramiz, — dedim men. — Boshlang.
Bu haqda hozir gapirish oson, lekin tartib oʻrnatishning oʻzi boʻlmadi. Ishni OʻzMAA direktori nomidan binoda oʻtirgan barcha ijarachilarga xat yozishdan boshladim: «Tez kunda egallab turgan xonangizni boʻshatishingizni soʻrayman».
Ijara toʻlovining sharti oddiy ekan: Agentlik hisob raqamiga arzimagan mablagʻ oʻtkaziladi, qolgan pul naqd beriladi. Xomchoʻt qilib koʻrdim. Oyiga ellik ming dollardan koʻproq pul kelib turgan. Shuncha pul qayoqqa ketgan, bilmayman. Bosh ofisga pul tushadimi, yoʻqmi, hech kimni qiziqtirmagan. Bino esa xarobaga aylanib boʻlgan.
Menga bu pulning keragi yoʻq edi. Qoʻl ostimdagilar sal hayron boʻlishdi. Toʻgʻri, biznes bilan shugʻullanishimni, oʻzimga yarasha daromadim borligini hamma biladi, lekin pul hech qachon ortiqchalik qilmaydi-ku!
Tabiiyki, «Ijarachilarga tegmang», degan iltimoslar yogʻila boshladi. Hech kim issiq oʻrnini yoʻqotgisi kelmasdi. Yuqoridan, vazirlik va idoralardan qoʻngʻiroq qildirib, yangi direktorga bosim oʻtkazishga harakat qilishdi. Faqat Xotin-qizlar qoʻmitasining oʻsha paytdagi raisi Tanzila Kamolovna2, ular uchun ajratilgan yangi binoning qurilishi hali oxiriga yetmagani, ozgina vaqt berilsa, bir yoʻla koʻchib chiqib ketishlarini tushuntirdi. Ularning soʻzini ikki qilolmadim. Qolganlarga qattiq turdim. Bino — bizniki, xodimlarimga sharoit yaratib berishim kerak. Ichki hovli yopildi, uyum-uyum axlat chiqarib tashlandi, xonalar, xoll, yoʻlaklar taʼmirlandi. Bularning hammasi kimning hisobidan boʻlganini gapirishga hojat yoʻqdir-a?! Bino taʼmiri oilaviy biznesimga qimmatga tushdi, oldinda esa hali ish koʻp edi.
Esimda, tadbirlardan birida Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari Ochilboy Jumaniyozovich Ramatov3 bilan uchrashib qoldik. Hozir nima ishlar bilan bandligimni soʻradi. OʻzMAAni boshqarayotganimni aytdim.
— Nima tashkilot edi u, eslatib yuboring? — soʻradi Ramatov.
OʻzMAA shu darajada bor-yoʻqligi bilinmaydigan, mudroq tashkilot boʻlganki, hatto Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari bu Agentlikni birdaniga eslolmadi. Tashkilot rahbarlari Vazirlar Mahkamasi yigʻilishlariga deyarli chaqirilmagan. Direktorini faqat «baxt maktubi» olib turgan gazetalarning muharrirlarigina tanigan — uni olib tashla, buni tahrir qil… Faqat bir marta, janob Tangriyev4 «maʼnaviyatga zarar yetkazganlar»ga (uning nazarida, albatta) qarshi OʻzA orqali ayovsiz kurash eʼlon qilganida, uning dongi hamma yoqqa tarqaldi.
Ammo mening oldimda turgan eng asosiy masala binoni taʼmirlash emas, Agentlik direktorining nufuzini koʻtarish edi, albatta. Xoʻp, buning uchun nima qilish kerak? Mansab guvohnomasini pesh qilib, atrofdan izzat-hurmat kutish befoyda. Yaxshisi, jang sanʼati qoidalarini qoʻllagan maʼqul. Birinchi navbatda asosiy raqibni, kim boshqalarga taʼsiri, soʻzini oʻtkazishini aniqlab, zararsizlantirish shart.
Xodimlarni attestatsiyadan oʻtkazib, bir kun ichida bir necha kishini ishdan boʻshatdim. Keyin butun jamoa oldida Monitoring markazi direktori Xurshid Mamatovni lavozimidan oldim. Aynan uning guruhi Yaxshiyamki, ishdan ketganimga achingan oddiy jurnalist va blogerlar himoya qilishgani, boʻlmasa bular meni yanchib tashlashga tayyor edi.
Monitoring markazi OʻzMAA ichidagi eng yopiq tuzilma boʻlib, hech qaysi direktor uning ostonasidan hatlab oʻtmagan. Bir kuni xonamdan chiqarkanman, begona kishining kotibimga surbetlarcha oʻshqirayotganini eshitib qoldim. Kotibiyatdagi yigitlar esa indamay turishibdi.
— Siz kimsiz? — soʻradim men.
— Men Monitoring markazidanman! — mensimay javob berdi u.
Ulardan hamma choʻchirdi, chunki oʻzlarini salkam butun olam xoʻjayinlaridek tutishardi.
— Chiqib keting bu yerdan! — aslida bundan qoʻpolroq gapirdim. — Kim boʻlibsiz, xodimlarimga doʻq uradigan?
Koʻrinishidan ziyoli va ogʻir-bosiq rahbardan bunaqa muomala kutmagan haligi kishi dovdirab qoldi. Indamay chiqdi-ketdi. Men oʻsha zahoti Monitoring markazidagilarni yigʻilishga chaqirdim.
Kirib borganimda, hammaning koʻzi menda, birov qiziqib, birov xavfsirab qarab turardi.
— Hozir sizlarga qiladigan yaxshiligim shuki, — dedim Markazning direktori va yana bir necha xodimga, — oʻz arizangizga koʻra ishdan boʻshataman va sizlarni xotiramdan oʻchirib tashlayman!
Monitoring markaziga shu paytgacha amalda hamma ishni yuritgan Dilnoza Ziyomuhammedova5 direktor boʻldi. Hozir u Prezident Administratsiyasi rahbarining oʻrinbosari. Fahm-farosatli, harakatchan oddiy xodimlarni direktor oʻrinbosarlari lavozimigacha koʻtardim. Muddat qoʻydim, yoʻl-yoʻriq koʻrsatib, hammani ishga solib yubordim.
Endi eng ulkan va boʻysunmas kit — «Oʻzbekiston» nashriyoti qoldi. Oʻsha, direktori «gapirsam, ertalabgacha oʻtiramiz», — degan nashriyot. Rostdan ham yangi vazirga aytadigan gaplari koʻp ekan — tipografiyadagi qoʻshib yozishlar, talon-tаroj, mulkni oʻzlashtirish holatlarining tarixi juda uzun, Ittifoq davriga borib taqalarkan. Hukumatning barcha doiralari bilan aloqalari zoʻr yoʻlga qoʻyilgan. Hatto qoʻshni davlatlar miqyosida ham. Oʻz-oʻzidan maʼlumki, hamma hujjatlari joyida.
«Oʻzbekiston» respublikaga vagonlab qogʻoz olib kiradigan nashriyot edi.
Ayrim faktlarni tahlil qilgan holda, katta ehtimol bilan davlat kursida olingan qogʻoz mamlakat ichida bozor narxida sotilganini taxmin qilish mumkin. Oʻrtada juda katta pul aylanardi. Shuning uchun nashriyot direktori meni rahbar sifatida tan olmadi, topshiriqlarimni bajarishni xayoliga ham keltirmadi. «Seriy kardinal» Mahmudjon Zaytaуev6 boʻlib chiqdi. Lavozimida ellik yildan beri oʻtirgan mansabparast, amaldor bu otaxon hech nimadan tap tortmasdi.
Tipografiya doim davlatdan katta buyurtmalar olib, darslik, kundalik va daftarlar chop etsa ham, davlatga foyda keltirmas, aksincha, zararga ishlardi. Aslida daromad kimlarningdir choʻntagiga tushar, tizimda mehnat qilayotgan 650 nafarga yaqin ishchi esa arzimagan maoshini ham vaqtida ololmasdi.
Ularning daromad topish yoʻllarini oʻrganib, «Qoyil!» deb yubordim. Qogʻoz salfetka-sochiqchalar va hojatxona qogʻozi ishlab chiqaruvchilarga oʻram-oʻram chiqindini ham pullashar ekan, shovvozlar! Tabiiyki, undan ham «otkat» — ulush olishgan. Xullas, hamma narsadan pul qilingan. Almisoqdan qolgan nashriyot uskunalari esa tez-tez ishdan chiqar, ularni yangilash va zamonaviy texnikani ishga tushirish zarur edi. Lekin ehtiyot qismlardan ham «otkat» olmasa boʻlmaydi.
Mening hisob-kitobimga koʻra, kimlarningdir choʻntagiga har yili millionlab dollar tushgan. Mamlakatdagi eng yirik nashriyot esa talon-tаroj qilingan, vayron boʻlgan. Lekin bu mening shaxsiy kuzatuv va xulosalarim. Men tergov olib boradigan, kimgadir ayblov qoʻyib, dalil qidiradigan prokuratura emasman. Ammo oʻz fikrimni aytishga haqqim bor, buni menga hech kim taqiqlay olmaydi.
Mayli.
Yangi yil arafasi. Ishchilarga mukofot puli tarqatilsin, deb topshiriq berdim. Korxonaning oʻzida katta sahna qurdik. Sherali Joʻraуev, Yulduz Usmonova kabi sanʼat yulduzlari, taniqli qoʻshiqchilarni taklif qildik.
Oʻziyam rosa qizdirishdi!
Konsertdan keyin, ziyofat oxirida soʻzga chiqdim.
— Kayfiyatlar qalay? — soʻradim yigʻilganlardan. — Nimaga baʼzilarning yuzida xursandchilik koʻrmayapman? Yangi yil bayram-ku? Mana, mukofot puli olgan boʻlishingiz kerak…
Oʻtirganlar orasida gʻala-gʻovur boshlandi. Qanaqa mukofot? Hech kim hech nima olgani yoʻq…
Rahbariyatning rangi oʻchib ketdi.
— Men OʻzMAA direktori sifatida oʻz majburiyatimni bajardim, xodimlarni mukofotlash haqida buyruq berdim. Lekin rahbarlaringiz buyruqni bajarmagan.
— Kechirasiz, hali ulgurmadik… — degan mujmal javoblar eshitildi.
— Agar berilgan topshiriqni bajarmasangiz, sizlarni ishdan olishga majbur boʻlaman, — bu gapni hammaning oldida, mikrofon orqali aytdim.
Ertasigayoq shoshilinch ravishda mukofot puli tarqatildi. Hech qanday protokol-u rasmiyatchilikka qarab oʻtirmasligimni bilib, hayiqishdi, shekilli. Hammaning oldida nimani oʻylasam, oʻshani gapiraman, ishdan shartta boʻshatishim mumkin, arizaga «oʻz xohishiga binoan…» degan yozuvni tirkab, imijimida choponni yelkaga tashlab ketish yoʻq.
Mukofotni vaqtida berish arzimagan masaladek koʻrinishi mumkin, lekin bu yangi rahbarning bir soʻzli ekanini isbotladi. Shundan keyin ishchilarning muammolarini oʻrgana boshladim. Oʻziga xos ochiq eshiklar marafonini eʼlon qildim. Istagan xodim kelib, dardini aytishi, savol yoki taklifini berishi mumkin edi. Ertalabdan boshlangan kirdi-chiqdi yarim kechagacha davom etardi. Toʻylar, maoshlar, taʼtillar, davolanish, ijtimoiy imtiyozlar, xat-hujjat — koʻrmagan masalamiz qolmadi.
Odamlarni ragʻbatlantirish uchun «Oʻzbekiston» nashriyotida ishlaydigan hamma xodimlarning maoshini yaxshigina koʻtardim.
Tipografiya xodimlarini esa ogohlantirdim: kim oʻgʻrilik qilsa, javobgarlikka tortiladi. Toʻgʻri, «otkat»lar bilan solishtirganda bu pul xamir uchidan patirdek edi. Kimlardir baribir eski hunarini qoʻymadi va ishdan boʻshatildi.
Darvoqe, direktorning ham oyligini oshirdim. Undan oldin xususiy bozorda eng zoʻr mutaxassislarning mehnati qanchaga baholanishini surishtirdim. Natijada, direktorning maoshi 2,5 milliondan deyarli 25 millionga chiqdi.
Oyligi rasman qancha ekanini aniqlaganimda, oʻrtamizda noxushroq suhbat boʻlib oʻtdi:
— Milliardlab pul aylanadigan, 650 kishilik jamoaga bosh-qosh rahbar bunaqa arzimagan oylikka ishlashi uchun yo ahmoq boʻlishi kerak, yoki oʻgʻri. Siz qaysi birisiz? — soʻradim kinoya bilan. — Shaxsan men qoʻl ostimda ikkala toifa ham ishlashini istamayman.
Rahbarlar istalgan paytda lavozimidan ayrilishi mumkinligini tushunishdi. Topshiriqni bajarmasa, ishdan olaman. Qattiq va ayovsiz bosim oʻtkazishga toʻgʻri keldi.
Maʼlum vaqtdan keyin direktor qabulimga kelib, «oʻz xohishiga koʻra» lavozimidan ozod etishimni soʻradi. Yoʻq! Aniq bir sabab boʻlsa, boʻshataman, oʻz ixtiyori bilan ketish yoʻq!
Tipografiyalardan biridagi sexda ishchilar yertoʻlada ishlashar ekan. Bino taxminan ellik yildan beri taʼmirlanmagan. Hamma yoqda namgarchilik, zax bosib yotibdi, xonalar nimqorongʻi. Binoni epaqaga keltirish uchun bir hafta muddat berdim. Roppa-rosa bir hafta! Direktor ertasidan ishga chiqmay qoʻydi. Hamma ishni tashlab, yoʻqolib qoʻya qoldi.
Nashriyotlarning rahbarlari qaltis vaziyatda edi. Meni na pora berib, na kimlargadir qoʻngʻiroq qildirib oʻzlariga ogʻdira olishdi. Bunday yuqori lavozim egasiga uncha-muncha odam haddi sigʻib iltimos bilan chiqa olmaydi. Shuning uchun yillar davomida nashriyotlar mablagʻini oʻzlashtirib kelganlar sekingina juftakni rostlashdi.
Yoʻlimizga toʻgʻanoq boʻlayotganlarning ildizini quritish kerak edi. Aks holda, ular ishlashga xalaqit berishlari, ustimdan yumaloq xatlar yozib, oyogʻimdan chalishga harakat qilishlari aniq. Lavozimida qolganlarga har qanday qoidabuzarlik va sabotaj uchun albatta javobgarlikka tortishimni tushuntirib qoʻydim. Yoshi yoki koʻrsatgan xizmatlariga qaramay, hech kimni ayab oʻtirmaymiz, aybdor jazosini oladi.
Moliyaviy tekshiruv OʻzMAAga qarashli «Oʻzbekiston» nashriyoti zararga ishlayotganini koʻrsatdi. Vaholanki, davlat buyurtmalaridan hisob raqamiga milliardlab soʻm tushib turardi. Vaziyatni oʻrganib, tashkilot balansida sohaga aloqasi boʻlmagan qandaydir aktivlar, binolar borligi va ulardan foydalanish uchun juda katta mablagʻ sarflanishini aniqladik.
Eng koʻpxarj bino «Oʻzbekiston» nashriyoti qoshidagi yotoqxona ekan. Xodimlar u yerda oʻn yillab, avlod-avlodi bilan yashaydi. Bino nashriyot balansida. Lekin ular doim ijara haqi toʻlab kelgan.
Yuristlarga masalani oʻrganib, qonuniy yechimini topish boʻyicha topshiriq berdim. Har bir oila ijara xonadonini oʻz nomiga rasmiylashtirsin, yotoqxonada emas, shaxsiy uyida yashasin, dedim. Yechim topildi. Shuncha yil ijarada turgan ellikta oila boshpanali boʻldi.
Har bir xonadonga birma-bir kirib, bir piyola choy ustida mezbonlarni gapga soldim. «Uyni oʻz nomingizga rasmiylashtirishda muammo tugʻilmadimi? Hech kim hech narsa tama qilmadimi? Uyli boʻlish uchun kimningdir choʻntagiga pul solish kerak, degan gaplar boʻlmadimi?» Hammadan bir xil javob eshitdim: «Yoʻq, unaqasi boʻlmadi».
Bu bizning gʻalabamiz edi! Uy taqsimoti uchun javobgarlar, agar ortiqcha gap chiqsa, albatta qulogʻimga yetib kelishini bilib, bir tiyin ham undirishga harakat qilishmagan. Binoni taʼmirlab berishni boʻynimizga olgandik, vaʼdamizning ustidan chiqdik. Ishchilar hovlida katta dasturxon yozib, xudoyi qilishdi. Meniyam taklif etishdi. Soʻzga chiqib, bu uylar yurtimiz Prezidenti hamda Agentlik tomonidan taqdim etilayotgani, hujjatlar qonuniy rasmiylashtirilgani va mendan keyin ham ishchilardan uyni hech kim tortib ololmasligini aytdim. Kimdir xursandchiligini ichiga sigʻdirolmay yigʻlagan, kimdir kulgan, hammaning koʻzi chaqnab turibdi, xullas, esdan chiqmaydigan kun boʻldi.
Prezident siyosatining asosi ham odamlar turmushini yaxshilashdir. Men esa komandaning bir aʼzosi sifatida shu ishga ozgina boʻlsa ham hissam qoʻshilganidan mamnun edim.
Shuncha yil omonat uyda hayot kechirish, omonat uyda farzand koʻrib, toʻy-tomoshalar qilish, istalgan paytda koʻchada qolishi mumkinligini oʻylab, qoʻrqib yashash… Hozir oʻz uylarida tinch-xotirjam yashayotgan oʻsha odamlar duolarida meni ham eslab qoʻyishadi, degan umiddaman.
Yana balansimizda respublikadagi yagona matbaa-noshirlik kasb-hunar kolleji ham boʻlib, yopilish arafasida turgan ekan.
Qabulimga direktori keldi.
— Binoni boʻshatib berishimiz kerak, — dedi.
— Xoʻp, yaxshi. Matbaachilarni qaуerda tayyorlaymiz unda?
— Kollejning oʻzi boʻlmaydi! — xoʻmrayib javob berdi direktor.
— Mamlakatda 1600ta matbaa korxonasi ishlab turibdi-yu, matbaachi tayyorlaydigan birorta oʻquv dargohi boʻlmaydimi?! Bunaqasi ketmaydi!
Kollejni saqlab qoldik. Vazirlar Mahkamasining bu boradagi Qaroriga oʻzgartirish kiritilishiga erishdik. Kollejning yopilishiga yoʻl qoʻyib boʻlmasdi. Chunki kitob, darslik, oʻquv qoʻllanmalari, koʻrgazmali tashviqot vositalari oʻrnini hech nima bosa olmaydi — internet ham, boshqasiyam.
Endi oldimizda turgan eng muhim masala SOʻZ ERKINLIGI edi. Biz Vazirlar Mahkamasiga boʻysunamiz. VM esa vazirlik va idoralar degani. Tanqid asosan shularga qaratilgan boʻlsa, qanday qilib soʻz erkinligiga erishish mumkin? Demak, Agentlik vazirliklar bilan teng maqomda boʻla olmaydi.
Prezidentga bildirish xati kiritdik. Agentlik bevosita Prezident Administratsiyasiga boʻysunsagina OAVni himoya qilishi mumkin. Masalani shu nuqtaуi nazardan asosladik. Bizga qoʻngʻiroq qilib, ogʻzimizni yopadiganlar boʻlmasligi kerak. Rahbariyat bu taklifni qoʻllab-quvvatladi.
Agentlik xodimlari maoshini bir necha barobar oshirdik. Arzimagan pul toʻlab, odamlardan vijdonan ishlashni talab qilib boʻlmaydi. Oyliklar qay darajada oʻzgarganini tasavvur qilishingiz uchun misol keltiraman: bir yarim million oladiganlarning maoshi oʻn sakkiz millionga chiqdi. Sohani yaxshi biladigan mutaxassis oʻz qadrini ham biladi, halol ishlaydigan boʻlsa, oʻsha arzimas pulga koʻnmaydi.
«Botir Parpiуevning jiyani» boʻlmaganimda, bu ishlarni eplay olmasdim, albatta. Men shafqatsiz soliq idorasi maktabida juda samarali saboq olganman.
1 OʻzMAA — Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi. Matbuot va axborot sohasida davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirishni taʼminlovchi davlat organi.
2 Tanzila Kamolovna Norboyeva — Oʻzbek davlat va jamoat arbobi, 2016-2019-yillari Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasiga rahbarlik qilgan.
3 Ochilboy Jumaniyozovich Ramatov — davlat arbobi, 2016-yil 15-dekabrda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari etib tayinlangan.
4 Laziz Tangriyev — 2017-yil iyuldan 2018-yil noyabrgacha OʻzMAA rahbari boʻlgan.
5 Dilnoza Ziyamuhammedova — 2020-yil iyundan Oʻzbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbarining OAV masalalari boʻyicha oʻrinbosari, OAV, televideniye va matbuotni rivojlantirish sektori mudiri.
6 Mahmudjon Zaytayev — «Oʻzbekiston» nashriyot-poligrafiya ijodiy uyi direktorining birinchi oʻrinbosari.
II
Parpiyevning jiyani
2001-yil
Sanʼat institutining birinchi kursida oʻqiyotganimda qarindoshimiz Baxtiyor aka hozirgi MTRKning1 oʻt oʻchirish xizmatida ishlaydigan ogʻaynisi Abdusattor aka bilan kelishib, meni televideniуega amaliyotga joylab qoʻydi. Ota-onam «Darsdan keyin laqillab yurmasin, ishlasin, pul topmasayam, tajriba orttirsin», — derdi. Oʻzim ham telerejissorlik kasbiga qiziqib, haqiqiy televideniуechi boʻlishga tayyor edim.
MTRKga kirish oson emas, bu nihoyatda yopiq tashkilot. Biror lavozimni egallash u yoqda tursin, eng oddiy ishga joylashish uchun ham tanish-bilish kerak edi. Abdusattor akaga rahmat, oddiy bir talabani praktikaga olishga «Davr»2 dasturi tahririyatini koʻndirdi.
Ishga ketayotganimda onam qattiq tayinladilar:
— Komiljon, jon bolam, hech kim bilan urishib-talashib yurma, iltimos, birovga gap qaytarma, «xoʻp-xoʻp» degin, nima ish buyurishsa, darrov aytganlarini qilgin, hammaga foydang tegsin, hammaga yordam bergin, oʻgʻlim…
Xuddi shunday qildim. «Rejissor yordamchisi assistentining yordamchisi» degan sharafli lavozimda hammaga foydali boʻlay, dedim.
— Hoy, bola, somsaga chiqib ke!
— Xoʻp.
— Oʻv, kassetalarni olib chiq.
— Xoʻp.
— Taym-kodini yozib ber.
— Xoʻp boʻladi…
Sekin-sekin ish oʻrgandim, bilim, tajriba orttirdim.
Oʻsha paytda «Davr»ga Furqat Zokirov rahbarlik qilardi. Men uning uchun keraksiz bir matohdek edim. Shuncha ishlab, menga na bir ogʻiz yaxshi gapirgani, na maqtaganini eslayman. Faqat tanbehini, «Ishdan haydayman!» degan poʻpisasini eshitganman. U meni qanchalik yoqtirmasa, men ham oʻsha paytda uni shunchalik yomon koʻrardim. Hammaning oldida meni haqorat qilishi yoki arzimagan xatoyim uchun studiyadan haydab solishi mumkin edi. Hech qachon salomimga alik olmasdi, xuddi bu bilan biror joyi kamayib qoladigandek. Eslasam, haliyam tushunmayman, nahotki bir ogʻiz soʻrashish shunchalik malol kelgan boʻlsa?!
«Davr tongi»ga Sevara Nazarxon sevishganlar kunida konsert bergani haqida kichkina lavha tayyorlab, rosmana baloga qoldim.
— Qanaqa sevishganlar? — chinqirdi u. — Jinnimisan? Sevishganlaring nimasi?! Menga nimani tiqishtiryapsan?
Baqir-chaqiri butun MTRKga eshitildi. Shundan keyin iloji boricha uning koʻziga koʻrinmaslikka harakat qildim. Hech kim tahririyatning qoidalari, siyosatini, umuman, televideniуening yozilmagan qonunlarini oʻrgatmasdi. Lekin ishni xuddi tajribali odamdan soʻragandek talab qilishardi. Alam qiladigani shu edi. Ishimni qoyil qilib bajarishga harakat qilganim sari soʻkish eshitardim. Men oʻzimga boshqacha bir munosabat talab qilmayman. Lekin doʻq-poʻpisa, haqoratni umuman koʻtara olmayman. Gap eshitmaslik uchun hamma ishni astoydil, oʻz vaqtida bajaraman.
Hozirgacha nima ish qilsam, xuddi tepamda Furqat Zokirov aftini burishtirib, «Tahririyatdan haydayman!» deb oʻdagʻaylayotgandek tuyulaveradi. Hamma loyihalarim pishiq-puxta chiqishi shundan boʻlsa kerak.
Furqat Zokirov meni haydab yuborgan «Davr» studiyasining montaj koʻrikxonasi hamda «Davr tongi» dasturi ijodiy guruhi.
Lavhalarni hammadan yashirincha, eng asosiysi, direktorga koʻrsatmasdan tayyorlashga toʻgʻri kelardi. Kamerani yalinib olib, kechalari montaj qilardim. Shundayam televideniуeda bemalol koʻrsatsa boʻladigan yaxshi material chiqardi. Masalan, «Qutqaruv-050» xizmatiga bagʻishlangan qisqagina lavhamdan hatto Furqat Zokirov ham kamchilik topolmay, efirga qoʻygan.
Keyin FVV3 haqida koʻrsatuv tayyorladim. Binoyidek material boʻldi, shunchalik oʻzimga yoqqanidan FVV ofisiga borib, oʻzlariga koʻrsatishga qaror qildim.
Peshona deb shuni aytsalar kerak: men «qaydasan FVV» deb yoʻlga chiqqanimda matbuot xizmati boshligʻi kapitan Begmatov yangi tayinlangan vazir Botir Parpiуevning qabulida oʻtirib, dakki eshitayotgan boʻlgan. Axborot xizmati ishlamayapti, vazifasini bajarmaydi, yangiliklar eʼlon qilmaydi, televizorda koʻrinmaydi… Kapitan Begmatov peshonasidan duv-duv oqayotgan terni roʻmolchasi bilan artgancha, boshi qotib oʻtiravergan. Vazir haq edi.
Qabulxonadan chiqqan Begmatovga FVV binosida axborot xizmatini qidirib yurgan yosh yigitcha, yaʼni men roʻpara kelib qoldim. Kapitan rosa xursand boʻlib ketdi.
— Menga xuddi shu kerak edi! — dedi u, tayyorlagan koʻrsatuvimni koʻrib. Keyin ust-boshimga gʻalatiroq qaradi-da (kalta ishton — shortikda edim): «Ertaga tuzukroq kiyinib kel. Shim, koʻylak… Ministrning oldiga kiramiz», — dedi.
Ertalab FVV eshigiga yetib kelganimda ish kuni boshlanishiga hali oʻn besh daqiqa bor edi. Vazirning xonasiga kirdim. Forma kiygan Botir Rahmatovich kattakon stol ortida nimadir oʻqib oʻtirardi. Oʻziyam qoyadek salobatli. Menga bir qarab qoʻydi.
— Assalomu alaykum… — ikkilanib, sekingina stol tomon yurdim. Shu payt kutilmagan voqea boʻldi. Men Furqat akaning salomimga alik olmasligiga oʻrganib qolgan ekanman. Vazir oʻrnidan turdi. Stolni aylanib oʻtib, menga qoʻlini uzatdi.
— Vaalaykum. Yaxshimisiz? — u shunday deb, oʻtirishga ishora qildi.
Nimaga kelganim ham esimdan chiqib ketdi. Oʻzimni yoʻqotib qoʻydim. Kimsan vazir men — oddiy bir talaba bilan soʻrashish uchun oʻrnidan turdi-ya! Bu odamni oʻsha kundan hurmat qila boshladim. Haligacha koʻnglimda ana shu minnatdorlik hissi bor.
Botir Rahmatovich materialni koʻrib, juda mamnun boʻldi. Ishim unga yoqdi.
— Yashang! Endi qogʻoz-qalam olib, yozing. Mana bu joyida galstuk sal qiyshayib qopti, bunisida furajkani toʻgʻrilash kerak. Manavi yerga bunaqa kirib borilmaydi, bu tomondan emas, narigi tarafdan…
Vazirning gaplarini yoza turib, kayfiyatim tusha boshladi. Video gazeta uchun yozilgan reportajmas-ku, besh daqiqada oʻzgartirib tashlasam. Qiyshaygan boʻyinbogʻni toʻgʻrilash uchun oʻsha lavhani boshqatdan tasvirga olish kerak. U paytlari MTRKda hech kim oʻzicha kamera ololmas, texnika jurnalistlarga jadval boʻyicha, navbati bilan berilardi. Olasan, qoʻl qoʻyasan, joyiga borib, tasvirga tushirib kelasan, xullas, oʻziga yarasha tartib-qoidasi bor. Keyin hamma materialni montajda yigʻib, render qilish kerak.
— Yozib oldingmi? Senga ertagacha muhlat.
Qanday ulgurganimni bilmayman-u, lekin epladim. Kechasi bilan uxlamadim. Ertalab tayyor qilib bordim.
— Barakalla! Faqat kecha manavi joyi esdan chiqibdi-da, shuniyam qoʻshib qoʻy, kechqurun koʻrsatasan.
Vaqt kechagidan ham kam. Oʻshanda hayotimda birinchi marta umuman iloji boʻlmagan ishni qilib, kechgacha topshiriqni bajardim.
— Ana endi hammasi joyida, — dedi vazir. — Efirga beraver!
Kulib yuboray dedim.
— Botir Rahmatovich, men televideniyeda kichkina odamman. MTRK raisi u yoqda tursin, muharrir ham gaplashib oʻtirmaydi men bilan. Uni hatto koʻrmayman ham. Lavha efirda ketishi uchun uning imzosi kerak.
— Yoʻgʻ-e? — astoydil hayron boʻldi vazir. — Mayli, shuyam muammomi?..
U telefonda Koʻchimovning4 raqamini terdi..
— Abdusaid aka, bizni qoʻllab turganingiz uchun rahmat, yigitlaringiz zoʻr ekan, juda yaxshi koʻrsatuv tayyorlashibdi…
Ishxonada Furqat Zokirov meni qilich yalangʻochlab kutib turgan ekan. Bu safar u butun Toshkentni boshiga koʻtarib baqirdi. Men uni bir tiyinga olmay, ruxsatsiz, navbatsiz kamera olib chiqib ketibman. «Tirrancha, dumbul, ahmoq, eshshak… Menga yuqoridan bosim oʻtkazaman, deb oʻylama!»
Oʻsha kundan boshlab ikki oʻt orasida qoldim. FVVdagilar aytsa, lavha tayyorlab beraman, keyin direktor menga zahrini sochadi: har safar vazirlikdan qoʻngʻiroq qildirib, texnika jadvalini buzarmishman.
Ish koʻp, MTRKdan yarim kechasi qaytardim. «Navoiy» metro bekatidan oxirgi poyezd tungi 12:03 da joʻnar, nima qilib boʻlsayam, ulgurishim kerak edi. Bunaqa paytda metroda deyarli odam boʻlmaydi, faqat farrosh xola kattakon shvabrasini perronning u boshidan bu boshiga sudrab yuradi, yana ikki militsioner mudrab oʻtiradi. Bekat boʻm-boʻsh, nimqorongʻi, ovozlar aks-sado beradi, oʻziga xos hidi bor… Metroning hidini shunaqa yaxshi koʻrardim-ki… Bu uyga qaytish hidi edi. Tonneldan keladigan shamol va yaqinlashayotgan poyezd chiroqlarini aytmaysizmi! U meni yana bir ogʻir ish kunidan ozod qilib, erkinlikka olib chiqadigandek tuyulardi. Hammasidan koʻra shu yoqimli edi.
Mening bekatim — eng oxirgisi. Shuning uchun baʼzan yoʻlda uxlab qolsam ham, kerakli bekatdan oʻtib ketmasdim. «Beruniy5 — oxirgi bekat. Vagondan chiqayotganda buyumlaringizni unutmang». Shu soʻzlarni eshitib, uygʻonib ketardim.
Beruniyda soat tungi oʻn ikkidan keyin jamoat transporti qatnamas, Qoraqamishga6 yetib olish uchun taksichilar turgan «pitak»ka kelardim. Oxirgi manzil — Tansiqboyev koʻchasi, toʻrt yoʻlovchi yigʻilmaguncha, mashina yurmaydi. Men oldingi oʻrindiqqa joylashib, sovuq kunlari pechkani yoqishni soʻrardim va ryukzagimni quchoqlagancha boshqalarni kutib, uxlab qolardim. Taksi birpasda toʻlardi.
Koʻpincha oxirida men qolardim. Haydovchilar har safar: «Tansiqboyevgacha deganding-ku, tush endi!» deb men bilan tortishar, men esa yana ikki yuz metr yurishim kerak edi. Qattiq charchaganimdan «Sal nariroqqa tashlab qoʻying, aka» — deb yalinardim.
Uxlashdan ham koʻra tezroq ovqatlansam, derdim. Oʻn ikki yoʻlakli uyimiz uzoqdan koʻzimga kattakon boʻlka non boʻlib koʻrinardi. Xayolan ustiga ikki parrak Yusupov pamildoridan qoʻyib, tuz separdim.
Ishdan ertaroq chiqsam, trolleybusda ketib, keyin yana ikki bekat piyoda yurardim. Maktabning yonidan shoshmasdan oʻtardim, lekin panjara tugab, qabriston devori boshlanganda yugurishga tushardim — atrof vahimali, qop-qorongʻi, salgina shitirlagan tovushdan yuragim yorilay deydi. Yugurganim yaxshi.
Oyim qornimni toʻydirish uchun ishdan kelishimni albatta poylab oʻtirardilar. Ikki xonali uyda olti kishi — adam, oyim, buvim, ikki singlim va men yashardik.
Biz — bolalar buvim bilan bitta xonada, yerga koʻrpacha toʻshab uxlar edik. Buvim menga duo qilishni oʻrgatganlar. Har kuni uxlashdan oldin qiladigan duolari xotiramga qattiq oʻrnashib qolgan. Maʼnosini tushunmasdim-u, baribir qandaydir xotirjam boʻlib qolardim. Keyin esa oʻz bilganimcha, derazaga, yulduzlarga qarab duo qilardim. Xudo eng yorugʻ yulduz tomonda, u meni aniq koʻrib turibdi, menga yordam beryapti, yaqinda boy, mashhur va baxtli boʻlib ketaman, deb qattiq ishonardim…
Lekin hozircha har kuni ertalab MTRK eshigida sargʻayib, kimdir meni oʻzi bilan olib kirib ketishini poylardim. Menga hatto ichkariga kirish uchun ruxsatnoma ham berilmagan, shuning uchun doim kimningdir etagiga osilib olardim. Sabrim chidamay, ichkariga qoʻngʻiroq qilsam, «Davr»ning masʼul kotibi Dilshod aka menga bobillab berardi: «Qoʻngʻiroq qilaverma! Hammaning joniga tegib ketding! Oʻshatta kutib oʻtir!» Mayli, umri uzoq boʻlsin. Lekin shu gaplarni oʻqisin, bir paytlar meni hatto ruxsatnomagayam loyiq koʻrmagan edi. Haligacha alam qiladi. Undanam yomoni, maosh beriladigan kuni «Davr»ning hamma xodimlari yetmish ming, yuz ming soʻmlab olib, choʻntagini toʻldirib ketishar, menga esa bir yarim-ikki ming soʻm tegardi. Direktorimiz, agar iloji boʻlganida, telestudiyaning tabarruk polini oyoqosti qilganim uchun yonimdan toʻlattirarmidi, deb oʻylab qolaman.
Keyin meni FVV matbuot xizmatiga ishga chaqirishdi. Bu hayotimdagi birinchi haqiqiy omad edi. FVV binosi shaharning qoq markazida, hozirgi Senatning oʻrnida joylashgandi. Bu vazirlikka kirish ham xuddi MTRK binosiga kirishdek qiyin boʻlgan. Ochigʻi, men «Davr»dan hecham ikkilanmay, jon deb ketdim. FVVdan guvohnoma, forma berishdi, bosh mutaxassis lavozimiga tayinlashdi. Qanchalik omadim kelganini xayolga ham keltirish qiyin — men oʻsha paytda oʻzboshimchalik bilan «zachyotka»ga baho qoʻyganim uchun institutdan haydalgandim.
MTRK apparat studiyasida «Soliq xizmati» koʻrsatuvini yozib olish jarayoni.
Men oʻqimoqchi boʻlgan OʻzMU jurnalistika fakultetiga kirish qiyin, konkurs katta edi. Kirishimga koʻzim yetmadi, tinchgina Sanʼat institutining rejissorlik fakultetiga hujjat topshira qoldim. Rejam oddiy edi — bir yil oʻqib, keyin jurfakka «perevod» qilaman. Oʻqishga kirishdan koʻra koʻchirish osonroq. Rektorning menga munosabati juda yaxshi edi, ammo ikkita fandan kuzga qoldim. Bittasini-ku, kursdoshim Dilmurod bilan amalladik — baho qoʻyib berishga domlani koʻndirdik. Buyam lekin oson boʻlmadi, chunki xuddi shu odam meni deb dekan oʻrinbosari lavozimidan olib tashlangan va oddiy oʻqituvchi qilib qoʻyilgan edi. Men uning ichib yurishini rektorga chaqib berganman. Shunda ham domla menga yordam berdi. Sahna nutqi fanini esa «yopolmay» qol-dim. Oʻqituvchi opaxon dam olishga ketibdi. Shu fandan baho olmasam, oʻqishni koʻchirib boʻlmas ekan.
Somsaxonada oʻrtogʻim bilan «zachyotka»larimizga birpas qarab oʻtirdik. Men somsadan bir tishlab, daftarchaga «uch» bahoni oʻxshatib chizdim. Somsaga qoʻshib insofniyam yevorganim yoʻq, «besh» emas, «uch» qoʻydim, xolos. Keyin oʻrtogʻimga ham boplab chizib berdim. Oʻzimizcha, bu ayolning ham bolalari bordir, bizni toʻgʻri tushunsa kerak, taqdirimiz hal boʻlyapti-ku, kelganida hammasini ochiq aytib beramiz, u bizni kechiradi, debmiz. Hujjatlarni topshirdik. Buyogʻiga buyruqni kutish qoldi.
Ikkinchi sentabr kuni opaning oldiga bordik. Gapni uzoqdan boshladim: oilada yolgʻiz oʻgʻilligim, ota-onam meni odam boʻlsin deb, ToshDUga7 kirishimni bir umr orzu qilgani…
— Nima demoqchisan? — soʻradi Xatira opa.
— Biz oʻqishni koʻchirmoqchi edik. Siz dam olishga ketgan ekansiz. Shunga, nomingizdan oʻzimizga «uch» baho qoʻyib… Uzr endi, opa…
Toʻgʻrisini aytsam, Xatira opaning bunchalik jahli chiqishini kutmagandim. Xuddi men «zachyotka»ga baho emas, vasiyatnomasiga qalbaki imzo qoʻygandek, birdaniga portlab ketdi.
— Bu nimasi, Komiljon? Axir bu jinoyat-ku! Noqonuniy ish qilgansiz!
Xatira opa gapirgani sayin nima ish qilib qoʻyganimni, qalbaki «uch» arzimagan narsa emasligini tushunib yeta boshladim. U bizni rektorning yoniga sudrab bordi: «Agar bu ikkovini hoziroq institutdan haydamasangiz, men ketaman!» — deb shart qoʻydi. Qattiq turib oldi. Chunki talabaning, ustiga ustak kelajakda mafkurani belgilaydigan talabalarning yolgʻonini kechirib boʻlmaydi. Shuncha yalinsak ham, opa koʻnmadi. Ikki oyogʻini bir etikka tiqvoldi. Pul ham, tanish-bilish ham yordam bermadi.
Onamni chaqirtirib, shartta: «Oʻgʻlingiz institutdan haydaldi», — deb eʼlon qilishdi. Oʻsha yerning oʻzida hushlaridan ketib qolmasinlar ishqilib, deb qoʻrqib turdim.
Oyim bilan Kosmonavtlar xiyobonidan jimgina yurib ketyapmiz. Kayfiyat rasvo. Sekin gap boshladilar:
— Mayli, Komiljon. Bildim, sendan katta odam chiqmas ekan. Oʻzi rabochiyning bolasi rabochiy boʻlar ekan-da. Hechqisi yoʻq, hozir adangning ishxonalariga boramiz, seni oʻzlariga yordamchi qilib oladilar. Hunarli boʻlish ham yaxshi narsa. Moshina tuzatib non topasan.
Undan koʻra, tarsaki tushirganlari ming marta yaxshi edi. Onamning bor umidlari mendan, menga ishonardilar. Men boʻlsam shuni bilib turib, pand berdim.
2002-yil
Mana endi chalamulla talabani vazirlikka ishga olishyapti. Xatira opadan koʻpam xafa boʻlmadim. Bu voqeadan katta saboq oldim, qaysidir maʼnoda oʻsishimga ham shu sabab boʻldi. Eng asosiysi, yolgʻon ertami-kechmi fosh boʻlishini vaqtida tushunib yetdim. Yolgʻonni ichingda saqlab, qachondir oshkor boʻlishidan qoʻrqib yashagandan koʻra, qilmishingga yarasha oʻsha zahoti jazo olgan yaxshiroq ekan. Boshida FVV formasida, guvohnomamni koʻtarib Xatira opaning oldiga bormoqchi boʻlib yurdim. «Mana, kim boʻlganimni bir koʻrib qoʻying…», — degim kelardi. Vaqt oʻtib, mening kelajagimga aynan Xatira opa turtki berganini tan oldim. U ustozning oldiga anchadan keyin bordim. Nimalarga erishganimni gapirib berdim. Lekin suhbatimiz umuman boshqa ohangda boʻldi.
U vaqtda esa mendan baxtli odam yoʻq edi. Hamma orzularim ushala boshlagan, oldinda meni omadli parvoz kutayotgandek edi.
Bu shiddatli parvoz toʻqqiz yil davom etdi. Shuncha yil har bitta ikir-chikirga eʼtibor beradigan, talabchan perfeksionistning qoʻl ostida jonimni berib, bayram, dam olish nimaligini bilmay ishladim. Yo hammasini qoyil qilib qoʻyasan, yoki umuman keraging yoʻq. Oʻshanda bir narsani sezganman — oʻzimga dushman orttirishga usta ekanman. Bu «fazilatim»dan umr boʻyi qutulolmadim.
FVV matbuot xizmatida. «Qamchiq» maxsus qidiruv-qutqaruv boshqarmasi faoliyati haqida reportaj tasvirga olinyapti.
Bir yil ichida FVVning axborot tizimini yaxshigina oʻzlashtirib oldim. Mendan doim yangi gʻoyalar qaynab chiqar va ular Parpiyevga maʼqul kelardi. Muhimi, men bu gʻoyalarni roʻyobga chiqara olardim. Lekin kimdir ishimga aralashsa chidolmasdim, vazir oʻrinbosarlari bilan tengma-teng gaplashar edim. Bir yilda ishini qoyil qilib bajaradigan mutaxassis deb hisoblay boshladim oʻzimni. Qizigʻi, mening hech kim bilan ishim boʻlmasa ham, atrofdagilar nimagadir nuqul mening ishimga aralashar edi. Bu xuddi osh pishirish uchun oshpaz chaqirib qoʻyib, keyin uning tepasida turib, «guruchini kam sopsan, yogʻni koʻp quyvoribsan», degandek gap. Indamay, oʻziga qoʻyib ber, oldin oshni damlasin, oʻxshata olmasa, ana undan keyin tanqid qil! Yoʻq, men bir ish qilsam, hamma burnini suqishi shart! Bunga chidolmasdim, shuning uchun Komil Allamjonovni betgachopar, oʻjar deb bilishardi. Bir ahmoq yoki tantiq boʻlsam ham mayli ekan, ammo men ishimni qoyillatib bajarardim! Hamma mening «surbetligim» sababini qidira boshladi.
Hatto hukumatdagilar ham oʻylashib gaplashadigan, uncha-munchani yaqiniga yoʻlatmaydigan, kamgap, odamovi Parpiyev nima uchun bolasi tengi bu yigitchani yetaklab yurganini hech kim tushunmasdi. Oldiniga FVVga ishga oldi, keyin Bojxona qoʻmitasiga, undan keyin Soliq xizmatiga. Bu bolaning nimasiga ishonadi? Qarindoshi ekani aniq! Qarabsizki, bu bola generalning jiyani ekan, shuning uchun uni koʻtarkoʻtar qilyapti, degan mish-mishlar tarqaldi. Bu gaplarga mixday dalil ham topildi, Parpiyev — andijonlik, otasi Margʻilondan. Mening bobom ham asli fargʻonalik. Demak, amaki-jiyanmiz! Vodiyda hamma bir-biriga qarindosh, begonasi yoʻq.
Многие люди не понимают, что доверие зарабатывается трудом, а лояльность — хорошим и справедливым отношением. Им даже в голову такое не может прийти, они могут оправдать доверие только родственной связью.
Aslida generalning ishonchiga kirganimning sababi oddiy. U juda qattiqqoʻl edi. Yolgʻonni, xatoni kechirishi qiyin, soxtalikni yomon koʻrardi. Mening adashishga haqqim yoʻq edi. U na shaxsiy hayotim, na boʻsh vaqtim boʻlishini tan olar, oʻzi ham tinimsiz ishlar, boshqalarni ham tindirmasdi. Men ham xuddi shunday ishlardim. Qila olmayman, qoʻlimdan kelmaydi, charchadim, uyga, oyimning oldiga borgim kelyapti, deyishim mumkin emasdi. Uning ishonchini oqlashim shart edi. Buyruqlarini soʻzsiz bajarardim, eʼtiroz bildirmasdim, erinchoqlik qilmasdim. Botir Rahmatovich professional xodimlarning qadriga yetardi. Shunday ishlaganim, doim unga yoqadigan natijani bera olganim uchun ham meni bir tashkilotdan ikkinchisiga oʻzi bilan olib yurar edi. Unga «jiyan» ekanimni keyinroq, «Uzmetronom»dagi 8maqoladan bildi.
Ishonch mehnatning orqasidan, sadoqat esa yaxshi va adolatli munosabat tufayli keladi. Lekin buni koʻpchilik tushunmaydi. Odamlar faqat qarindoshlarga orqa qilish mumkin deb oʻylashadi.
Parpiyev FVVdan ketganidan keyin men ham u yerda uzoq ishlamadim. Lekin bu tashkilotning axborot xizmati saviyasini aynan men yangi bosqichga koʻtardim, deb oʻylayman.
U paytda odamlar FVV haqida hech nima bilmasdi, umuman, qutqaruvchilar borligidan ham bexabar edi.
Boshqarma boshligʻi polkovnik Ergash Ikromov tozalikka katta eʼtibor berardi. U boshqarmaga kirib kelganida hovli chinniday boʻlishi, kabinetida isiriq tutatilishi shart edi. Idora hovlisiga har kuni suv sepib, supurib qoʻyilar, qutqaruv mashinalari yaraqlab, biror marta ishlatilmagan texnika yap-yangiligicha turardi.
Boshida ishimiz koʻzga koʻrinishi uchun oldin boʻlib oʻtgan voqealarni sahnalashtirib, tasvirga oldik. Xuddi kinolardagidek, «jarohatlangan» haydovchilarning yuziga qon oʻrniga ketchup surtilardi. Suv toshqinlari, yongʻinlarni oʻquv mashqlariga oʻxshatib uyushtirdik. FVV qanday ishlayotganini koʻrsatish uchun bu qahramonliklarni efirga berdik. Keyinchalik joylarga kamera bilan borib, favqulodda vaziyatlarni jonli tarzda suratga oladigan boʻldik.
Koʻrsatuv ommalashib, odamlar Qutqaruv xizmatining 050 raqamiga qoʻngʻiroq qila boshladi. Qutqaruvchilarning qoʻli qoʻliga tegmasdi: liftda qamalib qolganlar bormi, quduqqa tushib ketgan mushuk bormi…
Esimda, bir kishi «Jemchug»9 doʻkoni tepasidagi uyning toʻqqizinchi qavatidan oʻzini tashlamoqchi boʻlibdi. Turli xizmat vakillari yetib keldi, qutqaruvchilar uni zoʻrgʻa toʻxtatib qolishdi. «Odam hayotga bir marta keladi, hali hammasi zoʻr boʻladi», — deb yaxshi gapirib, xuddi Amerika kinolaridagidek rosa toʻrt soat nasihat qilishdi. Oxiri amallab koʻndirishdi. Pastga tushganida esa ketiga boplab tepib, soʻkib-soʻkib, oʻz joniga qasd qilgani uchun jinnixonaga yuborishdi. U shuncha odamning toʻrt soat vaqtini oʻgʻirladi!
Koʻpincha qutqaruvchilarni avariya boʻlgan joylarga, mashina ichida qolib ketgan odamlarni chiqarib olish uchun chaqirtirishar edi. Biz bu vaziyatlarni efirda koʻrsata boshladik. Orada DAN xodimlarining kamchiliklarini ham gapirib oʻtadigan boʻldik. U paytda FVVga vazir qilib Baxtiyor Subanov tayinlangan edi. Oldin Ichki Ishlar vaziri oʻrinbosari lavozimida DAN sohasini nazorat qilgan Subanov xuddi sobiq hamkasblaridan oʻch olayotgandek boʻlib qoldi.
Vazir Matbuot xizmati boshligʻi lavozimiga oʻzining odamini qoʻydi. Yangi rahbarim menga efirda oʻlim holatlarini koʻrsatishni va IIVni tanqid qilishni taqiqladi.
Men esa «xoʻp» deb, baribir oʻz bilganimdan qolmadim. Nimani lozim topsam, efirga beraverdim. Bu IIV vaziri Almatovga tegib ketibdi. «Sening koʻrsatuvlaringni deb, IIVning boshida kaltak sindi, Prezident apparatidan gap eshitishdi», — deyishardi menga. Toshkent shahar IIBga Allamjonovning ovozini oʻchirish buyurildi. «IIBdagilar choʻntagingga nasha tashlab qoʻyib, qamatmoqchi», — degan gap qulogʻimga yetib keldi. Odatda yaxshilikcha koʻnmaydiganlarni shunday jazolashardi.
Bir kuni ertalab ishga kelsam, atrof toʻla militsiya, Allamjonovni qidirishyapti. Yana janjalning uyasiga tushib qoldim. Oʻshanda meni polkovnik Ikromov himoya qilib, qutqarib qoldi, shu bolaning hayoti barbod boʻlmasin, dedi. Shundan keyin bir oy uydan chiqmay qoʻrqib oʻtirdim. DAN xodimlari har kuni haydovchimni toʻxtatib, mayda-chuyda ayb topib, boshini qotirishardi.
FVVda olgan birinchi maoshimni hamkasb akaxonlarim bilan «yuvib» yoʻq qilganmiz. Uyga oborib, oyimga koʻrsataman deb shuncha kutgan pulimni hamtovoqlarimga ichirib yuborganman. «Sharq»ning10 pastidagi kafeda joy aytib qoʻyishgan ekan, birinchi oyligim ziyofatga ketgan. Uyga arzimagan uch-toʻrt soʻmni koʻtarib kelganman.
Ikkinchi oyligim ham xuddi shunaqa qilib havoga sovurildi. Yoshi katta, azamat ikki harbiyga nima ham deya olardim?
Keyingi gal ayyorlik qildim. Pulimni eng oxirida, hammadan keyin berasiz, deb kassir opa bilan kelishib qoʻydim. Oyligimni oldim-u gʻaroyib boshliqlarim, ogʻaynilarim meni tutib olmasidan uyga qarab qochdim.
2005-2006-yillar
Parpiyev Davlat soliq qoʻmitasi raisi lavozimini egallaganida uning birinchi oʻrinbosari Erkin Fayziyevich Gadoyev edi. Islom Abdugʻaniyevich «boʻlib tashla va hukmronlik qil» degan siyosatni olib borar, vazir oʻrinbosarlari rahbariga nisbatan doim kishi bilmas oppozitsiyada boʻlardi. Karimov shu yoʻl bilan oʻziga kerakli maʼlumotni yigʻgan boʻlishi mumkin, lekin bu narsa jamoaviy ishni oʻldirar, faqat ichki fitnalarni keltirib chiqarardi. Tizim iyerarxiyasi boʻyicha har bir xodim kimningdir odami edi: Parpiyevning odami, Gadoyevning odami, Azimovning odami… Bunaqa sharoitda ishni boshqarish uchun rahbar oʻz taktikasiga ega boʻlishi kerak. Parpiyev soliq qoʻmitasiga oʻtganida hammaga ishdan boʻshash haqida ariza yozishni taklif qildi. Yangi jamoa tuzishini aytdi. Hamma ariza yozdi. Keyin Botir Rahmatovich xotirjam oʻtirib, boʻlayotgan qoʻngʻiroqlarni, kim kim uchun iltimos qilib chiqqanini yozib oldi va kuchlar taqsimotining toʻliq jadvaliga ega boʻldi. Qoyilmisiz?
Parpiyev bergan hamma topshiriqlarni uning oʻrinbosari oʻsha zahoti yoʻqqa chiqarishi meni doim hayron qoldirardi. Men — «Parpiyevning odami» bu paytda DSQ matbuot xizmatida ishlardim.
— Nimaga oldimga kiraverasan? Nima keragi bor shuni? — biror taklif, qandaydir zarur ish bilan xonasiga kirsam, Gadoyev har safar norozi boʻlib kutib olardi. Yordam berishni xayoliga keltirmasdi.
Mustaqillikning oʻn olti yilligiga bagʻishlab maxsus albom chiqaradigan boʻldik. Soliq sohasida erishilgan hamma yutuqlarni, yangilik va oʻzgarishlarni koʻrsatmoqchi edik. Ishchi guruh tuzildi. Bosh javobgar menman, lekin hech qanday vakolatim yoʻq. Yaʼni, yugur-yugur qilasan, axborot toʻplaysan, odamlardan statistika maʼlumotlarini yigʻishga harakat qilasan, ammo hamma senga eshikni koʻrsatib yuboradi, birov gapingga quloq solmaydi, mabodo maʼlumot berishsa ham, bir tiyinga qimmat boʻladi.
Parpiyevning oldiga kirdim. Kitob deyarli tayyor, baʼzi maʼlumotlar yetishmayotgan edi, xolos.
— Kitobni tezroq chiqaringlar! Yaqin kunlarda Prezidentga koʻrsataman, — dedi u. Keyin Gadoyevga qoʻngʻiroq qilib, menga yordam berishni topshirdi. Telefonda oʻrinbosarning «Xoʻp!» degani eshitildi.
DSQning navbatdagi kollegiya yigʻilishida.
Gadoyevning oldiga kirdim.
— Qayerdan olding bu gapni? Toʻrt kunda kitob tayyor boʻlarmish! Kim toʻrt kunda kitob chiqararkan?!
— Erkin Fayziyevich, kitob deyarli tayyor, menga faqat…
Menga nima kerakligini Gadoyev eshitib ham oʻtirmadi, har doimgiday javrab-javrab nasihatini boshladi. Xullas, maʼlumot ololmadim.
Ikki oʻt orasida qoldim. Rahbarlar-ku keyin bir-biri bilan kelishib ham ketar, oʻrtada aybsiz aybdor men boʻlaman.
Ochigʻi, qoʻrqib ketdim. Oʻzimni ikki kattakon kitning oʻrtasida majaqlanib, ovozi chiqmaydigan mayda baliqchadek his qildim. Parpiyevning bir xislati bor edi, hech qachon hech nimani esidan chiqarmasdi. Aytgan ishi qilinyaptimi, yoʻqmi — har soatda tekshirib turardi. Har soʻraganida «Ishlayapmiz», deyman, lekin aslida hech narsa qilinmayotgan edi.
Yana qabuliga kirishga majbur boʻldim.
— Botir Rahmatovich, kitobni vaqtida topshira olmayman. Erkin Fayziyevich urishib, kabinetidan haydab soldi. Bekorchi ish bilan shugʻullanma, dedi. Nima qilay?
Generalning yomon jahli chiqqani koʻrinib turardi. Lekin menga indamadi, gapni choʻzmadi, «Boraver» — deb qoʻydi.
Dushanba kuni majlis. Oʻzi shundoq ham har dushanba boʻladigan majlislarni koʻrgani koʻzim yoʻq, bu safargisi ayniqsa ortiqchalik qilayotgan edi. Kamiga oʻsha kuni kechasi deyarli uxlamaganman, zoʻrgʻa koʻzimni ochib, ishga uchib yetib keldim, apil-tapil formamni kiydim. Majlis aniq belgilangan vaqtda boshlanadi, kechikish mumkin emas.
Lanj boʻlib oʻtiribman, koʻzlar kirtaygan, qovoqlarim shishib ketgan. Qoʻmita raisining gaplari qulogʻimga bir kirib, bir kirmaydi. Qarasam, har gapida oʻrinbosariga murojaat qilyapti. U-bu taklif berib, keyin Gadoyevning fikrini soʻraydi. Gadoyev odob bilan, chiroyli qilib gʻoyani puchga chiqaradi.
Shu payt kutilmaganda Parpiyev stolga bir musht tushirdi. Choynak-piyolalar uchib ketdi, hammaning koʻzi moshday ochildi.
— Erkin Fayziyevich, siz meni ahmoq deb oʻylayapsizmi? Nima topshirsam, «yoʻq» deysiz! Takliflarimni yoʻqqa chiqaryapsiz, barcha islohotlarimga toʻsqinlik qilyapsiz!
Rais jahl bilan oʻrnidan turgan edi, stuli bir chekkaga uchib ketdi. Qoʻlidagi qalam chirsillab sindi, uniyam uloqtirib yubordi. Hammaning oʻtakasi yorilib, zal jimjit boʻlib qoldi.
— Mana, Allamjonovni olaylik! — vazir zalga qarab, meni topdi. Oʻtirgan joyimga yopishib qoldim, birdan hojatga borgim kepqoldi. — Men unga kitob chiqarishni topshirgandim, siz esa haydab solibsiz. Nega bu kitob kerakmas, dedingiz?
— Men unaqa demadim, unaqa deganim yoʻq… — oʻzini oqlamoqchi boʻldi Gadoyev. Uning qattiq qoʻrqib ketgani bilinib turardi.
Parpiyev koʻzoynagini yechib, stolning ustiga otib yubordi-da, zaldan chiqishda eshikni shunaqa qarsillatib yopdiki, devorda yoriq paydo boʻldi.
Men esa stulga yopishgancha ichkarida qolib ketdim. Gadoyev hammaga bir-bir koʻz tashlab, sekingina: «Majlis tugadi», — dedi. Yigʻilganlar jimgina tarqala boshladi.
Keyin u mening yonimga keldi.
— Bir daqiqaga mumkinmi? Kabineting qayerda edi?
Ikkovimiz xonamga kirdik. U savollari bilan meni burchakka tiradi:
— Senga nima yomonligim tegdi? Nega ustimdan shikoyat qilding?
Men jonimni qutqarish uchun, joyida ogʻzimga kelgan bahonani toʻqidim:
— Erkin Fayziyevich, Botir Rahmatovich soʻraganiga aytdim-da… Sizni «Kitob toʻrt kunda oʻxshamasa-chi», — deb kuyib-pishyaptilar, dedim… Falon gapiga piston deb javob berdim… Meni boshqacha tushunibdi…
Tabiiyki, Gadoyev aytganlarimga ishonmadi.
Uni qanchalik yomon ahvolga solganim bir necha daqiqadan keyin maʼlum boʻldi. «Hamma oʻz joyida oʻtirsin, hech kim hech qayoqqa chiqmasin» degan buyruq keldi. Oʻsha kuni yarim kechagacha hamma xonasidan chiqmay oʻtirdi. Rais esa qayoqqadir ketdi. Keyin bilsam, hech qayerga xabar chiqib ketmasligi uchun koʻrilgan chora ekan bu. Gadoyev oʻzining odamlarini, tanklari va artilleriyasini tortib kelishga ulgurmasin deb shunday qilinibdi.
Ertasiga majlisga Bosh vazir Shavkat Miromonovich Mirziyoyev11 keldi. Gadoyev lavozimidan olindi. Lekin u ham shuncha yildan beri bekorga birinchi oʻrinbosar boʻlmagan ekan, baribir tanklarini ishga solibdi. Oʻrinbosar boʻlib qoldi, faqat Akademiyaning12 rektori sifatida. Qoʻmitadan ketib, ichki ishlarga aralashmaydigan boʻldi.
Uning oʻrniga hozirgi Bosh vazir oʻrinbosari Behzod Anvarovich Musayev keldi. Siyosatimizning liberal qanoti. U bilan ishlash ancha oson edi.
Keyin DSQ va umuman davlat xizmatidan ketish navbati menga yetdi. Men bu qarorga kalta oʻylab yoki toʻsatdan kelmadim. Boshqa ilojim qolmagandi.
Botir Rahmatovich rahbarlik qilgan hamma idoralarda haftalik majlislarning kun tartibini oʻzi tuzardi. Bu odatdagidek kimdir zerikarli hisobot beradigan, hamma «qachon tugarkin shu», — deb tezroq uyga ketgisi keladigan majlislar emasdi. Har safar katta sinovdan oʻtgandek boʻlardik. Rais yordamchilari boʻlimlar uchun alohida savollar tayyorlab qoʻyishardi. Bu boʻlim rahbarlarini boshi berk koʻchaga kiritib qoʻyadigan savollar edi. Parpiyevga majlisda koʻtariladigan masalalar boʻyicha oldindan maʼlumot toʻplab berilar, minbarga chiqqan xodim koʻpincha qaltis ahvolga tushar edi. Boʻlim boshliqlari kaltak tagida qolmaslik uchun zoʻr yoʻlni oʻylab topishdi. Dilshod Toʻraxonovdan «Bizning xizmatni kun tartibiga qoʻymang», — deb iltimos qiladigan boʻlishdi. Bilmadim, balki quruq iltimos bilan ish bitmagandir. Xullas, koʻpincha hamma qolib, minbarga bitta men chiqadigan boʻldim. General meni ayab oʻtirmas edi. Kotibiyat boshligʻi Dilshod Toʻraxonov meni oʻlguday yomon koʻrib qolgan, har safar oyogʻimdan chalishga harakat qilardi.
Oxiri bu ahvol jonimga tegdi. Nima, Soliq qoʻmitasida mendan boshqa masala qurib qolganmi? Men jadval tuzib, unga hamma boʻlimlarni, hatto kanselyariyani ham kiritdim. Roʻyxatga qoʻshilmagan faqat qorovul qoldi. Bu hujjatni Parpiyevga olib kirib, oxirgi paytlari majlislar bir qolipda oʻtayotganini aytdim. «Hamma navbati bilan hisobot bersin, har bir boʻlim oʻzining ishini matbuotda yoritsin», — dedim. U rozi boʻlib, jadvalni imzoladi.
Endi meni minbarga chiqarishsa, topshiriqlarni kimlar bajarmayotganini shartta aytadigan boʻldim. Muhtaram hamkasblarim ogʻzimni yopish uchun meni ham «Toʻraxonovning roʻyxati»ga kiritib qoʻyishibdi. Oʻrtaga pul tashlashgan boʻlishsa kerak.
Qisqasi, qilgan ishim uchun taʼzirimni yedim, meni kechirishmadi. Ustimdan nimalardir toʻqib, tuhmat qilishdi. Shunchalik bemaʼni bahona oʻylab topishdiki, hozir aniq nima gap boʻlganini eslolmayman ham. Toʻqqiz yil deganda Parpiyev majlisda birinchi marta hammaning oldida rosmana poʻstagimni qoqdi. Men esa oʻzimni oqlay olmadim. Hammasini miq etmay eshitib turdim. Endi bu yerda ishlolmasligim aniq edi.
Chiroyli ketmoqchi boʻldim. Oradan toʻqqiz yil oʻtgan boʻlsa ham, bu inson salomimga «vaaleykum» deb alik olganini, menga bir yugurdak emas, odam deb muomala qilganini esimdan chiqarmagandim. oldiga kelib, gaplashib olmoqchi ekanimni bildirdim.
— Mayli, kelsin, — debdi Botir Rahmatovich.
Ertasi kuni Parpiyevning oldiga kirib, oʻzimning biznesimni boshlash uchun ketmoqchiligimni aytdim.
— Xafa boʻldingmi?
— Yoʻgʻ-e, nega unaqa deysiz? Nimaga xafa boʻlishim kerak?
— Xafa boʻlibsan… — dedi general. — Koʻrib turibman-ku. Mayli, arizangni yoz. Omadingni bersin.
Men ketdim, lekin intizomga oʻrgatgani, bergan saboqlari uchun Botir Rahmatovichdan haligacha minnatdorman. U menga doim zarbaga tayyor boʻlib, uni qaytarishni, eng asosiysi, iloji yoʻq narsaning oʻzi yoʻqligini oʻrgatdi. Xohlasak, hamma narsaga erisha olarkanmiz. Bunday olganda, u meni rostdan ham oʻz jiyanidek tarbiyaladi.
Shunday odamning «jiyani» degan yuksak nomga dogʻ tushirmadim, deb oʻylayman.
Men oʻz biznesimni boshlab, birinchi millionimni ishlab topdim. Bolaligimdan pul topishga harakat qilardim. Afsus, rejalarim doim ham oʻxshayvermasdi.
1 MTRK — Milliy teleradiokompaniya.
2 «DAVR» — MTRK «Yoshlar» telekanalining axborot dasturlari tahririyati.
3 FVV — Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi.
4 Abdusaid Koʻchimov — oʻzbek jurnalisti, 1997-2005-yillarda Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi raisi.
5 «Beruniy» — Toshkent metropoliteni Oʻzbekiston yoʻnalishining oxirgi bekati.
6 Qoraqamish — Toshkentning Olmazor tumanidagi mavze.
7 ToshDU — Toshkent davlat universiteti. 2000-yil yanvardan Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti.
8 Uzmetronom — Oʻzbekistondagi mustaqil sayt. 2020-yilning may oyigacha blokda boʻlgan.
9 «Jemchug» — Toshkent shahridagi mashhur «Jemchug» (marvarid) doʻkoni joylashgan, koʻpqavatli tajribaviy loyihalangan uy.
10 «Sharq» — nashriyot-matbaa konserni.
11 Shavkat Miromonovich Mirziyoyev — 2003-yil dekabrdan 2016-yil dekabrgacha Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri, 2016-yil 14-dekabrdan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti.
12 Akademiya — Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Soliq akademiyasi.
III
Shakar, vanna, press, baklajka
Toʻqsoninchi yillar oilamiz boy boʻlmagan, lekin och ham qolmaganmiz. Onam doya, otam avtoslesar edi. Bolalar tugʻilavergan, mashinalar buzilavergan, ota-onam ishsiz qolmagan. Ularning eng katta orzusi farzandlariga yaxshi taʼlim berish boʻlgan. Shuning uchun oyim oʻqishimni oltinchi sinfdan ToshDU qoshidagi gimnaziyaga (keyinchalik akademik litseyga aylantirildi) oʻtkazgan. Hech kimga pul-mul bermagan. Oyim pora berish kerakligini bilmasdi ham.
Pul — ajoyib narsa! U menga doim zavq bergan. Oʻzi oldindan boshqalarga oʻxshab faqat oylikka koʻnib yashash niyatim yoʻq edi. Katta boʻlganimda koʻp pul topishimga, xohlagan narsamni sotib olishimga aniq ishonganman. Lekin bu kunlarni uzoq kutishga sabrim chidamasdi. Hoziroq boyib ketib, mahallamiz yoshlari havas qiladigan yangi «qahramonlarimiz» — magazinchilar, choyxona va makaron fabrikalarining xoʻjayinlari, popkorn sotuvchilarga oʻxshab yurgim kelardi. Hammasining tagida yangi mashina, oyogʻida krossovka, egnida zamonaviy sport kiyimi, jinsi shim — xullas, butun dunyoda ulardan zoʻri yoʻq.
Kommunistik mafkura puchga chiqqan paytlar. Qoʻni — qoʻshni orasida faqat biznes rejalar, tez va osongina boyib ketish yoʻllari haqida gap-soʻzlar yurardi. Biz oʻn uch ya-shar oʻsmirlar ham choʻntagimizda doim pul boʻlishini xohlardik. Koʻp tengdoshlarim oʻzi ishlab daromad topar, kimdir oilasiga yordam bersa, yana kimdir kichik orzulariga pul yigʻardi.
Mendan yollanma ishchi chiqmadi. Ammavachchamning joʻxori qalamchalari chiqaradigan sexida bir kun ishlab koʻrdim. Arzimagan pul uchun ertalabdan kechgacha ter toʻkib mehnat qilish menga emas ekan.
Vazifam nimadan iborat edi? Joʻxorini oldin «drobilka»ga, keyin maxsus apparatga solamiz. Joʻxori doni issiq havo bosimi ostida paqillab yorilib, qalamchaga aylanadi. Ish haqi tayyor mahsulotning kilosiga toʻlanadi. Bir uyum joʻxori qalamchasini chiqarib, kamida oʻn kilogramm boʻldi, deb oʻylaysan. Tortib koʻrsang, zoʻrgʻa yarim kilo chiqadi. Ish kuni oxirida ammavachcham pul oʻrniga qoʻlimga oʻzim tayyorlagan joʻxoridan tutqazdi. Uyga kelib, «ish haqim»ni stolga qoʻydim-u yechinmasdan, oʻzimni krovatga tappa tashladim. Ertalabgacha qotib uxlabman. Uygʻonganimda aniq bir qarorga keldim — men hech qachon yollanma ishchi boʻlmayman!
Gap ogʻir mehnatdan qochishda emas. Menga birovning choʻntagini toʻldirish uchun belni bukib, evaziga arzimagan chaqa topish yoqmadi. Bunaqa kapitalizmni hazm qila olmasdim. Biz litseyda oʻzimiz popkorn tayyorlab sotardik. Oʻzimiz uchun ishlardik, shunga mehnati malol kelmagan. Koʻpi kuygan, bemaza popkornimiz uncha yaxshi ketmasdi. Bu tadbirkorlik faoliyatimda birinchi saboq boʻlgan — mahsuloting sotilishini xohlasang, ishni sifatli qil!
Oʻn uch yoshimda qand qiroli boʻlishga qaror qildim. Oʻzimga velik olishim kerak edi. Velosipedi bor oʻrtoqlarim uchishga bermay qoʻyishdi. Ota-onam esa: «Komiljon, veliksiz ham doim qayoqlardadir sangʻib yurasan, velosiped minsang, seni umuman topolmay qolamiz!» — deb gapni qisqa qilishdi.
Biznes-reja bunday edi: bir qop shakar sotib olinadi, uni qandga aylantirib, ustiga pul qoʻyib sotiladi. Shakar bilan qandning narxi orasidagi farq — sof foyda.
Tayyor shakar sexini ijaraga oldim. «Sex» deganda koʻz oldingizga nima keldi bilmadim-u, ammo bu hech kim yashamaydigan tashlandiq bir uy edi. Undagi bor uskuna — tegirmon, press, fanera, vanna, isitkichli fen va bir yarim litrlik baklajka, xolos. Oldin shakar kukunga aylantiriladi. Keyin vannaga solib, ustidan bir yarim litr sovuq suv quyiladi. Kukun nam tortib, qorga oʻxshab gʻirchillab qolganda, pressdan chiqarilib, faner ustiga yoyiladi. Qand shakliga solinib, fenda quritiladi. Bir kecha-kunduzda bir qop shakar oldi-berdiga ishlatiladigan, toʻy-hashamda dasturxonga qoʻyiladigan shirinlikka aylanadi.
Otam koʻp magazinchilarning mashinasini tuzatardilar. Shu tanishlaridan mahsulotimni sotib berishni iltimos qildilar.
Bu sexda ishchi ham, farrosh ham, mol yetkazib beruvchi ham, direktor ham oʻzim edim. Sexni ijaraga olishdan oldin doʻstlarimga sherikchilikni taklif qildim, ular koʻnishmadi. Balki toʻgʻri qilishgandir. Ikki hafta oʻtgach, doʻkonlarda shakar koʻrinmay qoldi, keyin birdan narxi oshib ketdi. Qanddan tushadigan ozgina foyda ham yoʻq boʻldi. Shunday qilib, birinchi biznesim sindi. Qizigʻi shundaki, doʻstlarim moliyaviy krizisni oldindan koʻra bilgani uchun emas, ishyoqmasligi, harakatsizligi tufayli hamkorlikdan bosh tortishdi. Biz birga oʻsib katta boʻldik, lekin hozir jamiyatdagi oʻrnimiz orasida osmon bilan yercha farq bor.
Hamma ham boy-badavlat boʻlishi shart, demoqchi emasman. Baʼzilarga bu narsa kerak emas, ularning oʻz orzulari bor. Kimdir vrach, kimdir alpinist, uchuvchi, sayohatchi, jurnalist yoki yozuvchi boʻlishni orzu qilib, shu maqsadi bilan yashaydi. Hozirgi yoshlar orasida bundaylar borgan sari koʻpaymoqda. Pul ular uchun ortiqcha daxmaza. Lekin boyib ketaman degan odamga faqat orzu va bilimning oʻzi kamlik qiladi. Bunda ishchanlik, mehnatsevarlik judayam muhim. Agar ishga oʻzingni toʻliq bagʻishlay olmasang, yaxshisi boshlama. Biznes — dangasalar uchun emas!
Men erinchoq emasdim. Shunchaki, oʻsha vaqtdagi iqtisodiy vaziyatni deb omadim chopmadi va qand qiroli boʻlolmadim. Lekin pul topish yoʻlida harakat qilishdan hech qachon toʻxtamadim. Menga ishni yoʻlga qoʻyish, pulni nazorat qilish jarayonining oʻzi qiziq edi. Mabodo ishim yurishmay qolsa, gʻayratim yanayam oshib ketardi.
90-yillarni koʻrganlar fikrimga qoʻshiladi, deb oʻylayman. Mamlakatdagi iqtisodiy va siyosiy vaziyat juda qiziq boʻlgan. Foyda koʻrishga intilganlarni chayqovchi emas, tadbirkor deb atay boshlashgan, katta pul topish imkoni tugʻilgan edi. Dorixona, bilyardxona, sauna, tijorat doʻkonlari yomgʻirdan keyingi qoʻziqorindek urchib ketdi. Ana senga erkinlik!
Sinfdoshim bilan madaniyat saroyi binosida, konsertdan keyin.
Kommunistik mafkuraning oyogʻi osmondan boʻlib ketgandan keyin xalqni ergashtiradigan gʻoyaning oʻzi qolmadi. Ayni paytda diniy ekstremizmning taʼsiri kuchayib bordi. Soqol qoʻyganlar koʻpaydi, Karimov ularga qarshi tinimsiz kurashardi. Teraktlar, portlashlar avj olgan tahlikali davr edi. «Musaffo osmon» gʻoyasi davlat mafkurasiga aylandi. Urushsiz, tinch yashasak boʻldi, olam guliston! Ammo bu gʻoya juda boʻsh edi. Unda super boylarning paydo boʻlishi koʻzda tutilmagandi. Davlat rahbariyati boyvachchalar jamiyat osoyishtaligini buzishidan qoʻrqardi. Mayli, foyda koʻrsang koʻr, faqat ikki quloch tijorat doʻkonidan nariga oʻtma! Mashina ol, uy sol, topgan tillangni uch litrli bankada saqla, lekin oligarx boʻlaman deb xayolingga ham keltirma.
Shuning uchun korxona tashkil etish juda qiyin masala boʻlib, kerakli eshiklar kerakli odamlargagina ochilardi. Koʻpchilikni hoziroq, joyida daromad topish yoʻllari qiziqtirardi. Bugun pul tikasan, ertaga foyda koʻrasan. Bemalol bir ishni tashlab, osongina boshqasini yurgiza olishing kerak. Ildizi baquvvat, avloddan avlodga oʻtadigan biznes-imperiyalarni qurish uncha-muncha odamning rejasiga kirmagan. Yurtimizda egalarini super boy qilgan, uzoq muddatli, rosmana muvaffaqiyatli ishlab chiqarish obyektlari deyarli yoʻqligining sababi shunda.
1998-1999-yillar
Gimnaziyada prokurorlar, deputatlarning bolalari bilan oʻqiganman. Doim atrofdagilarga birovdan kam emasligimni isbotlashga majbur edim. Toʻgʻri, men u yerga porasiz, hech qanday qoʻngʻiroqsiz, oʻz bilimim bilan kirganman. Toʻgʻri, ota-onam oddiy odamlar. Lekin menga past nazar bilan qarashlariga yoʻl qoʻymasdim. Gimnaziya direktorining: «Allamjonov, yaxshi oʻqi. Seni «kontrakt»da oʻqitishga ota-onangning baribir qurbi yetmaydi», — degan gapi ayniqsa yomon tegib ketgan. Hammaning oldida kamsitgani uchun yap-yangi «Moskvich»ining gʻildiragini teshib, oʻchimni olganman.
«Fun boys» guruhi konsertidan soʻng sinfdoshlarim davrasida.
Sinfdoshlarimning menga munosabati yomon emas edi. Ayniqsa, «Fun boys» guruhini tashkil qilib, konsert qoʻya boshlaganimizdan keyin yana ham yaqin boʻlib qoldik. Men loyiha rejissori edim. Tomoshalarimizda ustozlarning ustidan ham kulardik. Hammasining emas, albatta. Bizningcha, yaxshi oʻqita olmaydigan, zolim va poraxoʻr oʻqituvchilarni masxara qilardik.
«Ikki yarim» laqabli oʻqituvchimizni yaxshi eslayman. Uy vazifasini qanchalik yaxshi tayyorlab kelmaylik, ikki yarim baho qoʻyardi. Bunaqa bahoning oʻzi yoʻq-ku, oʻquvchilarni yerga urish uchun shuni oʻylab topgan. Konsertimizda «u» sahnaga chiqib olib: «Men fizika oʻqituvchisiman, ismim Muxtazar, mana qirq yildan beri erga tegolmayapman», — derdi.
Shunaqa. Hech kimni ayamas edik. Konsertdan keyin direktor meni xonasiga chaqirtirib, bunday «ssenariylar» uchun poʻstagimni qoqardi. Indamay boshimni egib turar, lekin konsertlarni toʻxtatmasdim.
Boshida chiptalar tekin edi. Keyin oʻylab qoldim. Biz dastur, har bitta sahna, musiqa ustida yotvolib ishlayotgan boʻlsak, tomoshabinlarga yoqayotgan boʻlsa, nima uchun konsert tekin boʻlishi kerak?
Tashkiliy ishlarga, chipta, afishalar tayyorlashga pul tikish kerak. Oyimning oldilariga keldim. Ular: «Adangdan soʻrab koʻr», — dedilar. Ammo men otamdan choʻchirdim, ayniqsa, bu pulni nimaga ishlatmoqchi ekanimni aytishga qoʻrqdim. Onam menga har doim ishonganlar. Yigʻib-tergan oʻn ming soʻmlarini qoʻlimga berdilar.
Chipta sotib oʻtirishni oʻrtoqlarimga topshirdim. Hech qaysisi pul soʻrab ota-onasini bezovta qilmadi. Bu tashkilotchining, yaʼni mening bosh ogʻrigʻim edi. Ota-onam meni qoʻllab-quvvatladi.
Homiylar bilan ham oʻzim kelishdim. «Aylin» turk pechenyesi maktabimiz hisob raqamiga 25 ming oʻtkazdi. Maktab direktori shundan bir yarim ming soʻmni ovoz kuchaytirgich — usilitelga deb berdi. Qolgan pulni koʻrmadim. Direktor bizni chuv tushirdi.
Yana bir hamkorimiz «Radio-peydj»1 boʻldi. Konsertimiz haqida tekinga eʼlon berishdi. «Nestle» kompaniyasi esa oʻzini zontlarini oʻrnatib, stakanda kofe tarqatdi. Yana uch-toʻrtta homiyni koʻndirish uchun tijorat taklifi bilan butun shaharni aylanib chiqdim. Boshqa hech kim rozi boʻlmadi.
Ravshan Sobirov, Guli Tolipovaning menejerlariga, boshqa artistlarga ham qoʻngʻiroq qilib, konsertda chiqib berishlarini soʻradim. «Tomsuvoq»qa koʻndirdim.
Tabiiyki, mingta chipta sotolmadik, ikki yuztasi ketdi, xolos. Homiylarning oldida sharmanda boʻlmaslik uchun boʻsh joylarni mehmonlar bilan toʻldirdik. Mehribonlik uyi direktoriga iltimos qilib, tarbiyalanuvchilarini opkeltirdim.
Hamma yigʻildi. Ammo… birorta artist yoʻq. Qoʻngʻiroq qilaman, hech qaysisi javob bermaydi. Odamlar qarsak chala boshladi, oradan bir soat oʻtdi, bittasiyam kela qolmaydi.
Bir balo qilib, endigina tanilayotgan Davron Ergashevni topdik, konsertni shu boshlab berdi. Omadim chopib, tadbirni olib borishga professional boshlovchi ham chiqib qoldi. Keyin Otabek Madrahimovga oʻxshab ketadigan bir yigitni koʻrsatishdi. Chiroqlar oʻchirildi, maxsus effektlar yoqildi, yigitchani sahnaga chiqarib yubordik, fonogramma ostida «kuyladi».
Viktorina oʻtkazildi, «Nestle» kofelari tarqatildi. Xullas, prodyuser degan nomimni oqladim.
Faqat kimdir «Nestle» zontigini oʻmarib ketibdi. Oyimga qoʻngʻiroq qilib, shuniyam yetkazishdi. Oʻrniga oʻzlarining soyabonlarini koʻtarib kelibdilar. Yoʻqolgan zont egalari matohlari qanchayam dollar turishini aytishdi. Onam dollarda oldi-berdi qilib yurgan boʻlsalar ham mayli ekan.
Men «Nestle» direktoridan qarzimizdan kechishini yalinib soʻradim. Oʻshanda nega bizni kechirganini bilmayman. Koʻziga judayam ayanchli va rostgoʻy koʻringan boʻlsam kerak-da. Konsertdan tushgan foydani oʻrtogʻim va sherigim Sardor bilan sovurib yubordik. Eng zoʻr koʻzoynak, krossovkalar sotib olib, oʻzimizni xuddi ommaviy tadbirlar direktorlaridek tuta boshladik. Oyimga boʻlsa olgan oʻn mingimdan ming soʻmgina qaytardim, orttirganim shu boʻldi.
Baribir konsert chiroyli oʻtdi. Shu sakkiz yuz kishilik tadbirni oʻtkaza olganimiz ham bir omad, deb oʻylayman. Yaratganning qoʻllagani bu. Agar qoʻshiqchilar kelmaganida, bilmadim nima boʻlardi, sahnaga oʻzim chiqib ketarmidim…
Bizning yoshligimizda biznes qilish bir avantyura, gʻirt tavakkalchilik edi. Hozir boʻlajak tadbirkorlarga aniq, har tomonlama puxta biznes-reja tuzishni, pul bilan imkoniyatlarni chamalashni, bozor va raqobatchilar ishini tahlil qilishni oʻrgatishadi. U paytda esa biz ishni oldi-orqamizga qaramay boshlab yuborardik. Tayinli bir rejaning oʻzi boʻlmasdi. Xuddi eshkaksiz qayiqqa oʻtirib olib, oqim qaysi tomonga olib ketsa, manzilimiz shu ekan, deb ketayotgan sayohatchilarga oʻxshardik. Pul topish uchun nima qilish kerakligini keyinroq tushuna boshladim. «Soliq-info» loyihasi ana shunday paydo boʻldi.
1 «Radio Peydj Semurg» — peyjing kompaniyasi.
IV
Soliq-info
Karimov davrida hamma muharririni taniydigan, ismini biladigan yagona mustaqil sayt «Uzmetronom» edi. Biz har kuni proksi serverlar orqali kirib, Sergey Yejkovning «Tahririyatga xatlar» deb taqdim etadigan insayder yangiliklarini oʻqirdik. Ammo men oʻshandayoq bu maqolalarning soʻz erkinligiga umuman aloqasi yoʻqligi, shunchaki oʻch olish quroli ekanligini tushunganman.
Karimovning qabuliga kirmoqchi boʻlganlarga arzirli sabab kerak edi. Shuning uchun «Uzmetronom» xabarlarini qogʻozga chiqarib, «Matbuotda mana nimalar berilyapti…» degan bahona bilan kirishardi. «Matbuot» esa kimga buyurtma tushsa, oʻshaning ustidan magʻzava agʻdarardi. Mening familiyam bu saytning doimiy «bezagi» boʻlgan. Sergey Aleksandrovich qoʻygan har bir qadamim haqida maʼlumot berardi va xabarni chiroyli badiiy toʻqimalar bilan qorishtirishni boplardi. Maqolalarini qoyilmaqom qilib yozardi-yu, lekin faktlari ancha boʻsh boʻlardi. Gapi ishonarli chiqishi uchun oz-moz haqiqat ham aralashtirib qoʻyardi, albatta.
Meni «Parpiyevning jiyani»ga chiqargan va bor yutuqlarimni (buni koʻproq muvaffaqiyatsizlik degan boʻlardim) qarindosh-urugʻchilikka yoʻygan aynan shu odam boʻladi.
U «Soliq-info»ga majburiy obuna uyushtirilganini qoralab maqola yozgan va tagida shunday izoh qoldirgan edi: «Yurtimizda «Soliq va bojxona xabarlari» gazetasi bor-ku, yana bitta gazetaga nima hojat?» Muallif faqat bir masalaga aniqlik kiritishni unutgandi. «SBX» — xususiy nashr. Bu gazeta ham u paytga kelib, xoʻjalik hisobiga oʻtgan «Pravda Vostoka», «Xalq soʻzi», «Postda» va boshqa barcha davlat nashrlari kabi majburiy obuna hisobiga kun koʻrardi. Respublikaning deyarli 99% nashri majburiy obuna orqali tarqatilardi. «Soliq-info» ulardan biri edi, xolos. Lekin hamma «olqishlar» faqat mening boshimga yogʻildi. Vaholanki, men qonunni buzmagandim. Qolgan nashrlarning egalari bir chekkada muloyimgina boʻlib turishdi. Oʻsha davrda holat bunday edi: senzura kuchli, soʻz erkinligi yoʻq, gazetalar oʻqishli emas, hech kim sotib olmaydi. Lekin barcha nashrlarning yopilib ketishiga ham yoʻl qoʻyib boʻlmaydi. Shuning uchun davlat oʻzi bosh-qosh boʻlib, deyarli barcha gazetalarga obunani tashkil qilib berardi.
Shaxsan men buni notoʻgʻri deb hisoblayman. Administratsiya rahbari oʻrinbosari qilib tayinlanishim bilan majburiy obunaga chek qoʻyish haqida buyruq berdim. Gazetalarga raqamli texnologiyalardan foydalanib, dijital marketingga oʻtishni va bozor iqtisodiyotiga moslashishni taklif etdim. «Soliq-info»ni ham yopdim.
2008-yil
«Soliq-info» oʻzi qanday paydo boʻldi? Parpiyev bir necha marta «SBX» gazetasining muassisi Mixail Markovich Perperga gazetani tuzukroq chiqarish, sifatli qogʻozda, ranglarini tiniq qilib chop etish kerakligini gapirgan. Haqiqatan, gazetaning qogʻozi oʻta arzon, koʻrinishi talabga javob bermasdi. Mixail Markovich har safar «xoʻp», deb, yana oʻz bilganini qilardi. DSQ raisiga yoqmagani uchungina gazetaning tannarxini oshirishdan maʼno yoʻq, deb hisoblar edi.
Perper raisning aytganini qilavermagach, Parpiyev navbatdagi xizmat yigʻilishida hammaning ichida mendan: «Gazeta chiqarish qoʻlingdan keladimi? — deb soʻradi. — Qogʻozi ham, bosmasi ham sifatli boʻlishi, foydali maʼlumotlar bilan boyitilishi kerak.»
Albatta qoʻlimdan keladi! Soliq qoʻmitasida bir dunyo maʼlumot boʻlsa! Buxgalterlardan doimiy savollar kelib turar, soliq inspektorlari ularning har bittasiga alohida yozma javob berishardi. Bu javoblar esa hamma uchun foydali edi.
Ammo bitta muammo chiqib qoldi. «SBX»ni barcha davlat tashkilotlari buxgalterlari olishlari shart edi. Bizning gazeta ham oʻzini qoplashi uchun obunani yoʻlga qoʻyishimizga toʻgʻri kelar ekan.
— Hal qilamiz, — dedi rais. — Asosiysi, gazetani yaxshi, foydali, sifatli tayyorlang! DSQning rasmiy bosma nashri boʻladi.
Shu joyida bir gap aytay. «Soliq-info»ning ixtiyoriy xaridorlari ham koʻp edi. Gazeta buxgalterlarga maʼqul keldi, ularning doimiy ish quroliga aylandi. Ular, yaʼni «Soliq-info»ga oʻz xohishi bilan obuna boʻlganlar haqida hech kim bilmaydi. Lekin DSIning1 «obuna boʻlish shart» degan qoʻngʻiroqlaridan norozilar hamma yoqqa shov-shuv koʻtardi.
Eng birinchi ofisimiz yertoʻlada joylashgandi. Gazeta chiqarish — murakkab jarayon. Qiziqarli material toʻplashning oʻzi yetarli emas. Gazetani sahifalash, chop etishning sir-asrorini ham bilish kerak.
Biz Rossiyaning shu yoʻnalishdagi hamma nashrlarini oʻrganib chiqdik. Gazetani rosmana qoʻllanmaga aylantirsa boʻlar ekan, unda interaktiv — buxgalterlar bilan muloqot, savol-javoblar berib borishimiz shart, degan xulosaga keldik.
«Soliq-info»ni har tomonlama «SBX»dan yaxshiroq qilib chiqarishga harakat qildik. Seminarlar oʻtkazib, muammoli masalalarni koʻtarardik. Viloyatlarga ham borganmiz. Soliq sohasidagi mutaxassislar bilan butun mamlakatni aylanib chiqqanmiz. Tadbirkorlarni yigʻardik, ular savollariga professional ekspertlardan toʻla-toʻkis javob olishardi. Qisqasi, shu ishga jon-jahdimiz bilan kirishib ketdik.
Biz uchun gazetaning jonli boʻlishi muhim edi. Har bir ruknni davomli yuritishga erishdik va bu oʻzini oqladi. Mavzular sondan songa kengroq yoritib berilar, natijada, oʻquvchilar davomini kutardi.
Soʻrovnomalar oʻtkazib, u yoki bu muammo boʻyicha tadbirkor va buxgalterlarning fikrlarini oʻrganib chiqqanmiz. Ijtimoiy tarmoqlar paydo boʻlganida, biz ulardan birinchilardan boʻlib foydalana boshladik.
Maqolalarni oʻzimizda ishlaydigan soliq maslahatchilaridan tashqari Moliya vazirligi va Soliq qoʻmitasi mutaxassislari tayyorlar, gazetada jurnalistlar deyarli yoʻq edi. Dolzarb mavzularni koʻtarishga, tezkor maʼlumotlar berishga harakat qilardik. Bugungi kun tili bilan aytganda, biz yangiliklarni yaratayotgan edik.
Dadil ayta olamanki, «Soliq-info» tufayli buxgalterlarning tushunchasi oʻzgara boshladi, kasbiy malakasi oshdi. Gazeta DSQning rasmiy nashri boʻlgani uchun buxgalterlar juda katta mablagʻlarni tejashga, soliq sohasida huquqbuzarlikning oldini olishga, umuman, soliq tizimini optimallashtirishga yordam beradigan eksklyuziv axborotlardan foydalanish imkoniga ega boʻldilar. Ayni paytda mutaxassis konsultant yollashga hojat qolmadi, chunki gazetaning oʻzi eng yaxshi maslahatchiga aylandi.
Boshida gazeta faqat rus tilida nashr etilardi, keyinroq oʻzbek tilida ham chiqara boshladik. Shtat 40 nafar xodimgacha kattalashdi. Ofisni Soliq qoʻmitasi qoshidagi sport majmuasiga koʻchirdik. Tahririyatimiz ancha oyoqqa turib oldi.
«Soliq-info» gazetasi majlislar zalida.
Gʻoya va takliflar berib, jamoani yoʻnaltiradigan asosiy tashkilotchi men edim. Xodimlarning qornini toʻydirish, ularni munosib maosh bilan taʼminlash ham mening vazifamga kirardi. Juda ahil jamoa yigʻildi. Bayramlar, timbildinglar uyushtirar, hatto basseynga birga borardik. Rosmana bir oilaga aylanib qolgan edik.
Men yaxshi rahbar edim va bu menga qimmatga tushdi. Meni bir meʼyorda, xotirjam yashashga qoʻymaydigan omad choʻqqisining navbatdagi pogʻonasi boʻldi bu.
Xodimlar shefning tugʻilgan kuniga syurpriz tayyorlashibdi. «Soliq-info» gazetasining maxsus menga atalgan sonini bittagina nusxada, lekin xuddi rostakam gazetaga oʻxshatib, maxsus qogʻozda chiqarmoqchi boʻlishibdi. Tipografiyadan: «Ofsetni bir nusxada bosmadan chiqarib boʻlmaydi, kamida ming nusxa boʻlishi kerak», — degan javob kelgan. Mingta boʻlsa, mingta-da. Qolganini oʻzimiznikilarga tarqatamiz, esdalik boʻlib qoladi, undanam ortsa, omborda joy koʻp… Qoʻl ostimdagilar oʻrtaga pul tashlab, maxsus sonni chop etishgan. Birinchi betda kattakon suratim, tagida sarlavha: «2017-yil: Komil Allamjonov hayotida nimalar sodir boʻldi?» Gazeta sahifalari boshidan oxirigacha oʻttiz uch yoshimgacha erishgan yutuqlarim bilan toʻldirilgan.
Конец ознакомительного фрагмента.
Приведённый ознакомительный фрагмент книги Allamjonov aybdor предоставлен нашим книжным партнёром — компанией ЛитРес.
Купить и скачать полную версию книги в форматах FB2, ePub, MOBI, TXT, HTML, RTF и других